6-iyun tongida Ukraina dronlari Rossiyaning Sankt Peterburg shahri va Leningrad viloyatiga hujum uyushtirdi. Bu haqda hudud rahbarlari ma’lum qildi.
Sankt Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ertalab aholini uyda qolishga va zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu gubernator tomonidan dron hujumi munosabati bilan berilgan ilk shunday ogohlantirish bo‘lgan.
Hujum fonida shaharda mobil internet ishlashida uzilishlar kuzatilgan. Ayrim hududlarda aloqa va internet xizmatlari vaqtincha cheklangan.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning bildirishicha, hudud osmonida 141 ta dron urib tushirilgan. Dron qoldiqlari Luga, Volosovo va Lomonosov tumanlariga qulagan.
Shuningdek, Bolshaya Ijora posyolkasi yaqinida yong‘in yuz bergani ma’lum qilingan. Biroq rasmiylar yong‘inning ko‘lami va yetkazilgan zarar haqida batafsil ma’lumot bermagan. Halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida rasmiy axborot yo‘q.
Hujumlar Sankt Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yakunlanayotgan paytda sodir bo‘ldi. Forum 3-iyun kuni boshlangan bo‘lib, o‘sha kuni ham shahar Ukraina dronlari hujumiga uchragandi. O‘shanda zarba oqibatida neft terminalida yong‘in yuzaga kelgan.








