Daryo

Ukraina iqtisodiy forum o‘tkaziladigan Sankt Peterburgga aviazarbalar berdi (video)

Hujum oqibatida “Peterburg neft terminali”da yong‘in chiqdi. Xalqaro iqtisodiy forumda xorijiy tadbirkorlar va delegatsiyalar tashrif buyurishi kutilmoqda.

1 daqiqa o‘qish8 252 ko‘rishlar0 izoh2

Ukraina 3-iyun kuni xalqaro iqtisodiy forum o‘tkaziladigan Rossiyaning Sankt Peterburg shahriga dronlar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida “Peterburg neft terminali”da yirik yong‘in chiqdi. Bu haqda “RBK-Ukraina” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Peterburg portiga uyushtirilgan hujum 3-iyunga o‘tar kechasi boshlangan. Bugun shaharda xorijiy tadbirkorlar va delegatsiyalar tashrifi kutilayotgan xalqaro iqtisodiy forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda hujumga uchragan terminal aks etgan kadrlar tarqaldi. Videoda kuchli portlash tovushlari eshitilgani va osmonga qalin qora tutun ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Hujum tufayli neft rezervuarlari yonib ketgani aytilmoqda.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko ertalab soat oltilarda shahar atrofida 30 ta dron urib tushirilgani haqida xabar berdi. Biroq u portdagi yong‘inga rasmiy izoh bermagan.

“Peterburg neft terminali” Rossiyaning shimoli-g‘arbidagi eng yirik neft mahsulotlarini qayta yuklash majmuasidir. Uning umumiy maydoni 37 gektarni tashkil etadi. Terminal hududida neft mahsulotlarini saqlash uchun 21 ta rezervuar mavjud bo‘lib, uning quvvati yiliga 12,5 million tonnani tashkil etadi.

“SPARK-Interfaks” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Sankt Peterburgdagi neft terminalining daromadi 8,6 milliard rublni, sof foydasi esa 5,8 milliard rublni tashkil etgan. Eslatib o‘tamiz, Sankt Peterburgda 3–6-iyun kunlari Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi.

Rossiya shaharlariga uyushtirilgan ommaviy dron hujumi 2-iyun kuni Ukrainaga berilgan zarbalar ortidan amalga oshdi. Kiyev, Xarkov va Dneprga turli xildagi raketalar hamda dronlar bilan qilingan hujumda 10 dan ortiq odam halok bo‘lib, yuzdan ziyod kishi jarohatlangandi, ular orasida bolalar ham bo‘lgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar