Rossiyaning Moskva viloyati yaqinidagi Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxs tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Federal jazoni ijro etish xizmatining Moskva bosh boshqarmasi xabariga tayanib “RBK” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suiqasd videokuzatuv kameralari orqali aniqlangan.
“Voqea joyida reanimatsiya choralari ko‘rildi, biroq ular samara bermadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, natijalar bugunning o‘zida ma’lum bo‘ladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Jabrlanuvchilar manfaatini himoya qilayotgan advokat Daniel Gotyening “RBK” nashriga ma’lum qilishicha, o‘z joniga qasd qilgan shaxs — avvalroq umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Yoqubjon Davlatxon Yusufzodadir. Voqea “Matrosskaya Tishina” tergov izolyatorida sodir bo‘lgan.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha yana bir sudlanuvchi Jabroil Aushev ham o‘z joniga qasd qilishga uringan. Biroq izolyator xodimlari buni o‘z vaqtida payqab, uni qutqarib qolgan.
Bu Aushevning birinchi urinishi emas — u 2026-yilning 12-mart kuni, hukm e’lon qilingan kunda ham o‘z joniga qasd qilishga uringan edi. Federal jazoni ijro etish xizmatidagi manba esa Aushev ilk bor 2025-yilning noyabr oyida suiqasdga uringanini, shundan so‘ng boshqa bunday holat kuzatilmaganini ta’kidlamoqda.
Yoqubjon Yusufzoda haqida nimalar ma’lum?
Yusufzoda 2024-yil 31-mart kuni qo‘lga olingan. O‘shanda u 25 yoshda edi. U Tojikiston fuqarosi, oilali, uch nafar farzandi bor, Moskvada qurilishda norasmiy ishlagan va vaqtinchalik ro‘yxatda turgan.
12-mart kuni G‘arbiy okrug harbiy sudi teraktning asosiy ijrochilari — Shamsiddin Fariduni, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakram Rajabalizodani umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
Shuningdek, Yusufzoda bilan birga jami 11 nafar shaxs ham umrbod qamoq jazosini olgan, yana to‘rt kishi 19 yildan 22 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Mart oyi oxirida har ikki tomon ham hukm ustidan shikoyat qildi. Sudlanuvchilar jazoni haddan tashqari og‘ir, jabrlanuvchilar esa juda yengil deb hisoblamoqda.
2024-yil 22-mart kuni kechqurun “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan bir necha daqiqa oldin qurollangan shaxslar Crocus City Hall binosiga bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutdi va binoga o‘t qo‘ydi. Yong‘in 23-mart oqshomigacha davom etdi. Terakt oqibatida 150 kishi halok bo‘ldi, 609 kishi jarohatlandi.








