Myanmaning shimoli-sharqidagi Kaungtup qishlog‘ida gelignit (sanoatda ishlatiladigan portlovchi modda) saqlanadigan omborda sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, 70 ga yaqin kishi tan jarohati olgan. Halok bo‘lganlar orasida olti nafar bola ham bor, deya xabar berdi Associated Press agentligi.
Portlash 31-may, yakshanba kuni tushga yaqin sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 74 nafar yarador shifoxonaga yetkazilgan, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Mintaqa bilan chegaradosh bo‘lgan Xitoy hukumati portlash yuz berganini tasdiqlab, o‘nlab turar joy binolari vayron bo‘lganini qayd etgan.
Portlash sodir bo‘lgan hudud Myanma markaziy hukumatidan muxtoriyat talab qilib kurashayotgan isyonchi guruhlardan biri – Taang milliy ozodlik armiyasi (TNLA) nazorati ostida. TNLA bayonotida aytilishicha, gelignit konchilik va tosh karerlarida foydalanish uchun saqlangan, portlash sabablari esa o‘rganilmoqda.
Gelignit vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa, noto‘g‘ri saqlangan taqdirda, beqaror holatga kelib qoladi. Qutqaruvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, portlash yuzdan ortiq uyga ham zarar yetkazgan.
Myanma ommaviy axborot vositalari, jumladan, Shan Shtatining Shwe Phee Myay onlayn axborot agentligi qurbonlar soni 50 dan 55 nafargacha boʻlganini xabar qilmoqda.
Avvalroq Afg‘oniston sharqida Pokistondan qaytgan afg‘on muhojirlarini olib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 18 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgandi. 24-may kuni Pokistonning Balujiston provinsiyasidagi temiryo‘l yaqinida portlash yuz berdi. Hodisa oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan, 70 kishi jarohatlangan. 22-may kuni Xitoy shimolidagi Shansi provinsiyasidagi ko‘mir konida gaz portlashi oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘lgandi.








