Rossiyaning Moskva shahri va Moskva viloyati Ukrainaning dronlari hujumiga uchradi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib “Noyava gazeta Yevropa” xabar berdi.
Bu urush boshlanganidan beri Rossiya poytaxtiga uyushtirilgan eng yirik hujumlardan biri hisoblanadi. O‘nlab obyektlarga zarar yetgan. Moskva viloyati gubernatori tungi hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lganini bildirdi. Moskva meri Sergey Sobyanin esa “asosan Moskva neftni qayta ishlash zavodi yaqinida” 12 kishi jarohatlanganini aytdi.
Ximki shahrida dron xususiy uyga kelib urilgan. Oqibatda bir ayol halok bo‘lgan, yana bir kishi vayronalar ostida qolgan. Pogorelki qishlog‘ida esa ikki erkak qurbon bo‘lgan.
Dronlar Krasnogorsk, Istra va Naro-Fominsk yaqinidagi uy-joylarga ham zarar yetkazgan, to‘rt kishi jarohat olgan. Sobyanin so‘nggi 24 soat ichida Moskva yaqinida 120 dan ortiq dron urib tushirilganini aytdi.
Ukraina qaysi obyektlarni nishonga oldi?
“Zarbalardan biri Moskva neftni qayta ishlash zavodining kirish qismiga to‘g‘ri kelgan, u yerda quruvchilar jarohatlangan”, dedi Sobyanin.
Zelenograd shahridagi “Elma” texnoparki ham hujumga uchragan. Mazkur obyekt elektron va optik texnikalar, shuningdek, nazorat-o‘lchov asboblari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Moskva viloyatidagi Solnechnogorsk yirik yonilg‘i-energetika inshooti ham nishonga olingan. Undan benzin va dizel yonilg‘isini saqlash hamda tarqatishda foydalanib kelingan.
Aviahujum aeroportga ham ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, “Sheremetevo” aeroporti hududiga dron parchalari qulab tushgan.
“Qoldiqlar yo‘lovchilar va samolyotlarga xizmat ko‘rsatish hududlaridan xavfsiz masofaga tushgan”, deyiladi aeroport bayonotida.
“Rosaviatsiya” aeroport faoliyatiga to‘rt soatlik cheklov joriy qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bir kecha davomida mamlakat hududlari uzra Ukrainaning jami 556 ta droni urib tushirilganini da’vo qildi.








