“Manchester Siti” Angliya Premyer Ligasining 36-turidan o‘rin olgan “Brentford”ga qarshi uchrashuvda bir yo‘la uch nafar futbolchisi xizmatidan foydalana olmaydi. Ular orasida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham bor. Bu haqda Manchester Evening News nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, Husanov “Everton”ga qarshi kechgan avvalgi bahsda “og‘riqli sohada zarba” olgan. Klub matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, futbolchi o‘yinga to‘liq tayyor emasligi sababli qaydnomaga kiritilmagan. Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik legioner “shaharliklar”ning so‘nggi 11 ta o‘yinidan 10 tasida asosiy tarkibda maydonga tushgan edi.
Husanovdan tashqari, Rodri va Yoshko Gvardiol ham jismoniy holati sababli mazkur bahsni o‘tkazib yuboradi. Pep Gvardiola Abduqodirning o‘rniga asosiy tarkibga Natan Akeni kiritgan. Shuningdek, jarohatidan tuzalgan Ruben Diash qaydnomaga qaytgan bo‘lsa-da, o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlaydi.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” uchun ushbu uchrashuvdagi g‘alaba chempionlik poygasida qolish uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Sababi hozirda “shaharliklar” APL turnir jadvalida 1-o‘rinni egallab turgan “Arsenal”dan 5 ochko ortda qolmoqda.








