Daryo

Mourinyo “Real” bilan 2029-yilgacha shartnoma imzoladi

Portugaliyalik mutaxassis jamoa rahbariyatidan qarorlarni tashqi aralashuvlarsiz, mustaqil qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni talab qilgan.

1 daqiqa o‘qish3 485 ko‘rishlar0 izoh2

Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo Madridning “Real” klubi bilan 3 yillik shartnoma imzoladi. Insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, murabbiyning “qirollik klubi” bilan kelishuvi 2029-yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan. Manbaga ko‘ra, shartnoma allaqachon tuzilgan va kuchga kirgan. Mourinyo kelasi hafta Madridga yetib kelishi kutilmoqda.

Joze Mourinyo 2010-yilning iyulidan 2013-yilning iyuniga qadar “Real”ni boshqargan. Madrid klubidan ketganidan keyin portugaliyalik mutaxassis “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Tottenhem”, “Roma”, “Fenerbahche” va “Benfika” klublarida faoliyat olib bordi. 2025/2026-yilgi mavsumda uning jamoasi Portugaliya chempionatida 23 ta g‘alaba, 11 ta durang qayd etdi va biror marta ham mag‘lubiyatga uchramadi.

Marca nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Chempionlar Ligasi doirasida “Benfika” va “Real” o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar Mourinyoga madridliklarning zaif tomonlarini aniqlash imkonini bergan. Xususan, portugaliyalik murabbiyni jamoadagi yaqqol nomutanosiblik xavotirga solmoqda. Uning fikricha, tarkibda muayyan pozitsiyalarda o‘yinchilar haddan tashqari ko‘p, boshqa pozitsiyalarda esa raqobat yetarli emas.

Shuningdek, Mourinyo qarorlarni tashqi aralashuvlarsiz, mustaqil qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni istayotgani aytilmoqda. Chunki u jamoada sodir bo‘layotgan barcha narsani nazorat qilishni hamda klub rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashini his qilib turishni muhim deb hisoblaydi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar