Litva 20-may kuni mamlakat havo hududiga dron kirgani sababli havo xavfi haqida ogohlantirish berdi. Aholidan boshpanalarga yashirinish so‘raldi va poytaxt aeroportidagi qatnovlar to‘xtatildi.
Vaziyat sabab Vilnyus viloyatida poyezdlar harakati ham to‘xtatildi. Deyarli bir soat davom etgan holatda maktab va bog‘chalarga bolalarni boshpanalarga olib kirish buyurildi.
“Zudlik bilan xavfsiz joydan boshpana toping, yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qiling va yangi tavsiyalarni kuting”, deyiladi Litva armiyasi poytaxt Vilnyus aholisiga yuborgan xabarda.
Hozirda avia va poyezdlar harakati qayta tiklangan. Biroq mamlakatning ba’zi hududlarida havo xavfi haqidagi ogohlantirishlar hamon kuchda qolmoqda. Bunday ogohlantirish Vilnyusdagi parlament binosida ham e’lon qilindi. O‘sha vaqtda binoda deputatlar va vazirlar bor edi.
Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas yerosti boshpanasida Reuters agentligiga intervyu berdi. Uning aytishicha, harbiy samolyotlar tahdidni bartaraf etishga harakat qilgan.
“NATOning havo hududini qo‘riqlash missiyasi ishga tushirildi. Ular Litva havo hududida aniqlangan dronni nishonga olmoqda”, dedi Kaunas.
20-may kuni ertalab Litva Inqirozlarni boshqarish milliy markazi bayonot berdi. Unga ko‘ra, qo‘shni Belarus hududida Litva tomon uchayotgan dron aniqlangan va shu sababli ogohlantirish e’lon qilingan. Markaz dronning qayerga tegishli ekani hali tasdiqlanmaganini qo‘shimcha qildi.
Ukraina Rossiyaga, jumladan, Boltiq dengizi atrofidagi hududlarga uzoq masofaga uchuvchi dronlar bilan hujumlarini kuchaytirdi. Mart oyidan beri Ukrainaning bir nechta harbiy droni NATO a’zolari bo‘lgan Finlyandiya, Latviya, Litva va Estoniya havo hududiga adashib kirdi. Bu davlatlarning barchasi Rossiya bilan chegaradosh hisoblanadi.
“TASS” nashriga ko‘ra, Kremlin matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham 20-may kuni ushbu masalaga munosabat bildirgan. Uning aytishicha, Rossiya harbiylari Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududi orqali uchayotgan dronlar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va tegishli javob chorasini ishlab chiqmoqda.
Ukrainaning ashaddiy tarafdorlari hisoblangan Boltiqbo‘yi mamlakatlari dronlar bilan bog‘liq hodisalarda Moskvani aybladi. Ularning ta’kidlashicha, Kiyev Rossiyaning harbiy nishonlariga zarba berish huquqiga ega.








