Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda davlat rahbari Bokuda bo‘lib o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitidagi nutqida ma’lum qildi.
Prezident o‘z nutqida urbanizatsiya masalasi bugun global taraqqiyotning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, XXI asr o‘rtalariga borib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashaydi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy inqirozlar va migratsiya jarayonlari urbanizatsiyani global barqarorlik hamda xavfsizlikka ta’sir qiluvchi muhim omilga aylantirmoqda.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda ham urbanizatsiya strategik yo‘nalish sifatida qaralayotganini bildirdi. Ma’lum qilinishicha, yaqin 15 yil ichida mamlakat aholisi 50 million nafarga yetishi, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga chiqishi kutilmoqda. Shu maqsadda so‘nggi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylar soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 ming xonadonga yetgan. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni yana 1,5 barobar oshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili qariyb 2 milliard dollar ajratilayotganini ham aytdi. Shuningdek, 2024-yilda norasmiy turar joylar muammosini hal qilish bo‘yicha alohida qonun qabul qilingani va 100 mingga yaqin uyga hujjatlar rasmiylashtirib berilgani ta’kidlandi. Prezidentga ko‘ra, renovatsiya asosida quriladigan uy-joylar ulushini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Nutqda “Yangi Toshkent” loyihasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Prezident ushbu megaloyiha ikki million aholiga mo‘ljallanganini va unda “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” hamda “15 daqiqali shahar” tamoyillari to‘liq hisobga olinganini qayd etdi. Birinchi bosqichning o‘zidayoq qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari boshlangan.
Prezident forum doirasida bir qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surdi. Jumladan, davlatlarni “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqirdi, shuningdek, texnologiyalar va tajriba almashish uchun “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qildi. Bundan tashqari, kelgusi yilda Samarqandda uy-joy qurilishiga investitsiyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq davlat rahbari BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi shafeligida Boku shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi. Bokudagi Kongress markazda davlat rahbarini Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax qutladi. Ishtirokchilarning birgalikda suratga tushish marosimi boʻlib oʻtgan.








