Pokiston o‘zaro mudofaa shartnomasiga binoan Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchi, qiruvchi samolyotlar eskadroni va havo mudofaa tizimini joylashtirdi. Islomobod Eron urushida asosiy vositachi rolini o‘ynayotgan bo‘lsa-da, Ar Riyod bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Bu haqda manabalarga tayanib Reuters xabar berdi.
Ushbu ma’lumotni uch nafar xavfsizlik rasmiysi va hukumatdagi ikki manba tasdiqladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu kuchlar qirollikka yana hujum uyushtirilgan taqdirda Saudiya armiyasini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan qo‘shin hisoblanadi.
Pokiston harbiylari, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi va Saudiya hukumatining media idorasi ushbu holat bo‘yicha berilgan so‘rovlarga javob qaytarmadi. 2025-yilda imzolangan mudofaa shartnomasining to‘liq shartlari maxfiy hisoblanadi.
Biroq har ikki tomon hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini himoya qilishi shartligini ma’lum qilgan. Pokiston mudofaa vaziri Xavoja Asif avvalroq ushbu kelishuv Saudiyani Islomobodning “yadroviy soyaboni ostiga olishini” shama qilgan edi.
Harbiy texnikalar va eskadronlar
Manbalarning ma’lum qilishicha, Pokiston aprel oyi boshida Saudiyaga taxminan 16 ta samolyotdan iborat to‘liq eskadronni yuborgan. Bular asosan Xitoy bilan birgalikda ishlab chiqarilgan JF-17 qiruvchi samolyotlaridir. Xavfsizlik rasmiylaridan ikkitasining aytishicha, Pokiston ikkita dron eskadronini ham jo‘natgan.
Barcha beshta manbaning aytishicha, zarurat tug‘ilsa, yana qo‘shimcha kuchlar yuborish majburiyati olingan. Shuningdek, hududga Xitoyning HQ-9 havo mudofaa tizimi ham joylashtirilgan. Texnikalarni Pokiston harbiylari boshqarmoqda, loyiha esa Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Minglab qo‘shimcha askarlar
Erondagi urush paytida joylashtirilgan harbiy va harbiy-havo kuchlari xodimlari, asosan, maslahat berish va o‘qitish vazifasini bajaradi. Buni ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni va harbiy aktivlarni joylashtirishga oid hujjatlarni ko‘rgan ikki nafar xavfsizlik rasmiysi ma’lum qildi. Bu kuchlar avvalgi kelishuvlar asosida qirollikda jangovar vazifalarni bajarayotgan minglab pokistonlik askarlar safiga borib qo‘shiladi.
Maxfiy mudofaa shartnomasi matnini ko‘rgan hukumat manbalaridan birining aytishicha, hujjatda Saudiya Arabistoniga 80 000 nafargacha pokistonlik askar yuborilishi ko‘zda tutilgan. Ular Saudiya kuchlari bilan birgalikda qirollik chegaralari xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi. Ikki nafar xavfsizlik rasmiysi kelishuv doirasida Pokiston harbiy kemalarini ham joylashtirish ko‘zda tutilganini aytdi.
Bundan oldin AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lib kelgan Pokiston Tehron samolyotlarini o‘z aerodromlarida yashirincha saqlagani haqida xabar berilgandi. Ma’lum qilinishicha, samolyotlar ehtimoliy Amerika zarbalaridan himoyalanish maqsadida aerodromlarga joylashtirilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib, aprel oyi boshida Eronning bir nechta samolyoti Pokistondagi Nur Xon aviabazasiga yuborilgan. Ular orasida Eron Harbiy-havo kuchlariga tegishli, razvedka uchun mo‘ljallangan RC-130 samolyoti ham bo‘lgan.








