Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo Ispaniyaning “Real” klubi bilan shartnoma shartlarini kelishib oldi va kelasi mavsumdan jamoani boshqaradigan bo‘ldi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ikki yilga mo‘ljallangan shartnoma yaqin kunlarda rasman imzolanadi. Mourinyo Madridga “Real” joriy mavsumdagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadigan kun — 23-maydan keyin yetib keladi.
Shu bilan birga, 63 yoshli murabbiy faoliyati davomida ikkinchi bor “qirollik klubi” ustoziga aylanmoqda. U 2010—2013-yillarda ham jamoani boshqarib, Ispaniya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogida bir martadan zafar quchgan.
Ma’lumot uchun, portugaliyalik mutaxassis 2025-yilning sentyabridan buyon “Benfika”ni boshqarib kelayotgan edi. U professional faoliyati davomida Portugaliyaning “Leyriya”, “Portu”, Angliyaning “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Tottenhem”, Italiyaning “Inter”, “Roma” hamda Turkiyaning “Fenerbahche” klublarida ham murabbiylik qilgan.








