Lissabonning “Benfika” klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo Madridning “Real” klubi rahbariyati uning agenti Jorje Mendesh bilan muzokara o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Avvalroq OAVda portugaliyalik mutaxassis mavsum yakunida Madridga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
“Nima deyilishidan qat’iy nazar, hech birimiz ahmoq emasmiz. Nimadir sodir bo‘layotgani aniq. Biroq ‘Real’ prezidenti va men o‘rtamizda hech qanday shartnoma yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yo‘q. Menda klub tomonidan aniq ma’lumot yo‘q, bori — Jorje Mendesh, Florentino Peres va klub rahbariyati o‘rtasidagi suhbatlardan iborat”, deya Mourinyoning so‘zlarini keltirmoqda Mundo Deportivo nashri.
Shuningdek, 63 yoshli murabbiy lissabonliklar bilan 2027-yilgacha shartnomasi borligi sababli “Benfika”da qolish ehtimoli 99 foizga teng ekanini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Joze Mourinyo 2010—2013-yillarda “Real”ni boshqargan va jamoa bilan Ispaniya chempionligi, mamlakat Kubogi hamda Superkubogida zafar quchgan. Ayni paytda “qirollik klubi”ni Alvaro Arbeloa boshqarmoqda. Madridliklar uning qo‘l ostida joriy mavsumni ham yirik sovrinsiz yakunlaydigan bo‘ldi.








