O‘z hududida Rossiya yadro qurollarini joylashtirgan Belarusda Moskva bilan hamkorlikda yadroviy o‘quv mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Mashg‘ulotlar davomida Rossiya tomoni bilan hamkorlikda yadroviy o‘q-dorilarni yetkazib berish va ularni qo‘llashga tayyorlash choralarini amalda bajarish rejalashtirilgan”, deyiladi Belarus Mudofaa vazirligi bayonotida.
Vazirlikning bildirishicha, o‘quv mashg‘ulotlari harbiylarning mamlakatning turli hududlarida yadro qurolini ishga solishga tayyorligini sinovdan o‘tkazadi. Asosiy maqsad — Belarusdagi rejalashtirilmagan hududlardan turib jangovar topshiriqlarni bajarish qobiliyatini tekshirish va shaxsiy tarkibning malakasini oshirishdan iborat.
“Asosiy e’tibor yashirin harakatlanish, uzoq masofalarga ko‘chish hamda kuch va vositalardan foydalanish hisob-kitoblarini mashq qilishga qaratiladi”, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Belarus Rossiya, Ukraina va NATOga a’zo bo‘lgan uchta davlat bilan chegaradosh hisoblanadi. Prezident Aleksandr Lukashenko 2023-yilda — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan bir yil o‘tib — Rossiya taktik yadroviy raketalarini o‘z mamlakatida joylashtirishga rozi bo‘lgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu qurollarni qo‘llash nazorati to'liqligicha Moskvada qolishini bildirgan.
Urush davomida Putin Rossiyaning yadroviy qudrati haqida bir necha bor eslatib o‘tdi. O‘tgan haftada Putin Rossiya yil oxirigacha o‘zining yangi “Sarmat” yadroviy raketasini foydalanishga topshirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, u Moskva o‘z yadroviy kuchlarini modernizatsiya qilishda davom etishini aytgan.
Belarus tomoni hozirgi o‘quv mashg‘ulotlari biron bir boshqa davlatga qarshi qaratilmaganini ta’kidladi. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, bu mashqlar mintaqada xavfsizlikka tahdid tug‘dirmaydi.








