Daryo

Tramp Xitoy raisi bilan uchrashuvni qoldirmoqchi

AQSH va Xitoy yetakchilari 31-mart va 2-aprel kunlari oralig‘ida muzokara olib borishi kerak. Tramp uni “taxminan bir oyga” kechiktirishni so‘radi.

1 daqiqa o‘qish2 971 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush tufayli Xitoy raisi Si Szinpin bilan mart oyi oxiriga mo‘ljallangan uchrashuvni qoldirmoqchi. Bu haqda Trampning 16-mart kungi bayonotiga tayanib, BBC xabar berdi.

AQSH rahbari uchrashuvni “taxminan bir oyga” kechiktirish so‘ralganini aytdi. U Eronga qarshi urushni nazorat qilishi uchun o‘zi joyida bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Tramp va Si Szinpin o‘rtasidagi uchrashuv 31-martdan 2-aprelgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu ularning 2025-yil oktyabr oyidagi so‘nggi yuzma-yuz muloqotidan keyingi uchrashuvi bo‘ladi. Tramp kechiktirish taklifini mamlakatda qolib, urushni boshqarish zarurati bilan izohlagan.

“Men u (Si Szinpin nazarda tutilgan) bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman. Munosabatlarimiz juda yaxshi. Bunda hech qanday hiyla yo‘q. Bizda urush ketyapti. Menimcha, bu yerda (AQSHda) bo‘lishim muhim”, dedi u.

“Prezident urush harakatlarini muvofiqlashtirish uchun Kolumbiya okrugida qolmoqchi... Bunday vaqtda xorijga chiqish optimal bo‘lmasligi mumkin”, dedi AQSH G‘aznachilik kotibi Skott Bessent.

​

Avvalroq Tramp Financial Times nashriga bergan intervyusida, agar Xitoy Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga yordam bermasa, uchrashuvni ortga surishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, u boshqa davlatlarni kemalarning ushbu yo‘lak orqali xavfsiz o‘tishiga ko‘maklashishga chaqirgan.

Yevropa Ittifoqi davlatlari esa bunga rozi bo‘lmagan, ular harbiy kemalarini bo‘g‘ozga yuborishga qarshi chiqqan. Xitoy Eron energiya eksportining asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib, AQSH va Isroilning mamlakatga qarshi hujumlarini tanqid qilib kelmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar