Daryo

Pokiston Eron samolyotlarini o‘z aerodromlarida yashirincha joylashtirgan — CBS News

AQSH va Eron muzokaralarida vositachilik qilayotgan Islomobod aviatexnikani havo hujumlaridan himoya qilgani aytilmoqda. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ayblovlarni rad etdi.

2 daqiqa o‘qish15 081 ko‘rishlar0 izoh10

AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lib kelgan Pokiston Tehron samolyotlarini o‘z aerodromlarida yashirincha saqlagan. Bu haqda amerikalik amaldorlarga tayanib, CBS News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, samolyotlar ehtimoliy Amerika zarbalaridan himoyalanish maqsadida aerodromlarga joylashtirilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib, aprel oyi boshida Eronning bir nechta samolyoti Pokistondagi Nur Xon aviabazasiga yuborilgan. Ular orasida Eron Harbiy-havo kuchlariga tegishli, razvedka uchun mo‘ljallangan RC-130 samolyoti ham bo‘lgan.

Pokiston rasmiylari bu da’volarni rad etib, aviabaza shahar markazida joylashgani va u yerda katta samolyotlar parkini begona ko‘zlardan yashirish imkonsizligini ta’kidladi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham bu ma’lumotni rad etdi va CBC News da’vosini “spekulyativ, tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga urinish” deb baholadi.

“Pokiston muloqotga ko‘maklashish, keskinlikni kamaytirish va mintaqaviy hamda global tinchlikni ilgari surishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi”, deyiladi TIV bayonotida.

Maqolada Eron fuqarolik samolyotlarini vaqtincha saqlash uchun qo‘shni Afg‘onistonga ham yo‘naltirgani ma’lum qilingan. Xususan, urush boshlanishidan sal avval Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli fuqarolik samolyoti Kobulga qo‘ngan va hozirgacha o‘sha yerda qolmoqda.

Mart oyida Pokiston Kobulga bir necha bor zarba berganidan so‘ng mahalliy hokimiyat samolyotlarni Eron chegarasi yaqinidagi Hirot aeroportiga ko‘chirgan. “Tolibon” esa mamlakat hududida Eron samolyotlari borligini inkor etmoqda.

Ayni paytda Islomobod urush boshidan buyon AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida qatnashib kelmoqda. Biroq bu hafta tomonlarning mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi urinishlari yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Tramp AQSHning tinchlik rejasiga bergan Eron javobini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Tehron yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshlanishidan oldin AQSHdan sanksiyalarni bekor qilishni, barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishni va Hormuz blokadasini olib tashlashni talab qilgan. Shuningdek, Eron yadroviy obyektlarni demontaj qilishdan bosh tortib, uranni boyitishga qisqa muddatli moratoriy joriy etishni taklif qilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar