Germaniya harbiy qabrlar ittifoqi mutaxassislari Germaniya va Polsha chegarasida joylashgan Uzedom orolida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari dafn etilgan ommaviy qabrni aniqladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Mutaxassislar rejadagi qazish ishlari davomida dastlab olti nafar noma’lum qurbonning jasadini qayta dafn etishni rejalashtirgan edi. Biroq mutaxassislar yakka tartibdagi qabrlar deb qaralgan joyni qazishganda, kutilmaganda ichida 42 kishining jasadi bo‘lgan uchta uzun chuqurni topgan.
Ittifoq ma’lumotlariga ko‘ra, qabrdagi qoldiqlar asosan ayollar va bolalarga tegishli bo‘lib, vafot etgan vaqtda qurbonlarning eng keksasi 70 yoshda bo‘lgan. Jasadlarning o‘ntasidan shaxsni tasdiqlovchi belgilar topildi. Ulardan biri Germaniya harbiy-dengiz flotida xizmat qilgan ayolga tegishli ekani tasdiqlandi.
O‘lim sabablari
Qazish ishlari rahbari Yoaxim Kozlovskiyning aytishicha, ayrim insonlar o‘limidan oldin gospitalda bo‘lgan. Jasadlarda amputatsiya izlari aniqlangan.
Mutaxassislarga ko‘ra, jasadlarda nafaqat o‘q izlari, balki kalla suyagining og‘ir jarohatlari ham bor. Bu jarohatlar o‘tmas buyum bilan kuchli zarba berish oqibatida yetkazilgan.
“Men bu odamlarning ko‘pchiligi kaltaklab o‘ldirilgan deb hisoblayman”, dedi Kozlovskiy.
Orol tarixi
Hozircha ommaviy qirg‘inni kim va qachon uyushtirgani noma’lumligicha qolmoqda. Avvalroq oroldan bedarak yo‘qolgan bir necha Vermaxt askarlarining jasadi topilgan edi. Ammo yangi qabrdan bolalar suyaklari chiqishi qurbonlar tinch aholi vakillari bo‘lganidan dalolat beradi.
Ikkinchi jahon urushi paytida Boltiq dengizidagi ushbu orolda konslager joylashgan edi. U yerda V-1 va V-2 raketalari ishlab chiqarilgan. Shuningdek, orolga Germaniyaning urush ketayotgan hududlaridan ko‘plab qochqinlar kelgan.
1945-yil mart oyida Amerika aviatsiyasi orolni bombardimon qilgan. May oyida hudud Qizil armiya tomonidan egallangan. Urushdan keyin Uzedom Sovet ittifoqi nazoratida qolgan. 1950-yillarda orol hududi Polsha va Sharqiy Germaniya (GDR) o‘rtasida bo‘lib olingan. Mutaxassislar barcha jasadlarning shaxsini aniqlashga va ularning yaqinlarini topishga harakat qilmoqda. Shundan so‘ng barcha qurbonlar munosib tarzda qayta dafn etiladi.
Bundan oldin Angola poytaxti Luandada 1977-yil 27-may voqealari qurboni bo‘lgan 500 dan ziyod kishining jasadi saqlanayotgan birodarlik qabristoni topilgandi. Shuningdek, mart oyida Keniyaning Kericho shahrida ham ommaviy qabr topilib, unda 32 kishining jasadi qazib olingan. Topilgan jasadlarning aksariyati go‘daklar va homila qoldiqlari ekani aniqlangan.








