UFCda yilning eng katta sensatsiyalaridan biri yuz berdi. UFC 328 turnirining markaziy jangi o‘rta vazn toifasi chempioni Xamzat Chimayev hamda amerikalik Shon Striklend o‘rtasida o‘tkazildi. Besh raund davom etgan jang yakunda hakamlarning bo‘lingan qarori evaziga Striklendning g‘alabasi bilan tugadi.
Shu tariqa Chimayev MMAdagi faoliyati davomida ilk bor imkoniyatni boy berdi va kamaridan mahrum bo‘ldi. Striklend esa ikkinchi bor UFC o‘rta vazn toifasi chempionligini qo‘lga kiritdi. Endilikda Xamzatning hisobida MMA’da 15 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat mavjud. 35 yoshli Striklendning rekordi esa 31 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyatdan iborat.
Hamzat Chimayev 2025-yil 17-avgust kuni Chikago shahrida o‘tkazilgan UFC 319 turnirida Drikus dyu Plessi ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik kamariga ega chiqqan edi. Shon Striklend 2024-yil yanvar oyida dyu Plessiga UFC chempionlik kamarini boy bergan.
1994-yilda tug‘ilgan Chimayev 2020-yilda UFC’da debyut qilgan hamda 66 kun ichida 3 ta jang o‘tkazib, o‘ziga xos rekord qayd etgan. 2021-yil mart oyida sportchi koronavirus asoratlari sababli faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi. O‘shanda sportchiga saraton tashxisi qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq qayta tekshiruvlardan so‘ng xavfli kasallik aniqlanmagan va Hamzat oktagonga qaytgan.
U hozirga qadar Jerald Myorshart, Li Jinglian, Gilbert Byorns, Kevin Xolland, Kamaru Usman, Robert Uittaker va Drikus dyu Plessi kabi nomdor jangchilarni mag‘lub etgan.
Ma’lumot uchun, UFC 328 turniri doirasida o‘zbekistonlik Bogdan Guskov sobiq chempion Yan Blaxovichga qarshi revansh jangida oktagonga chiqishi belgilangan edi, biroq polshalik jangchining kutilmagan jarohati sabab bellashuv bekor qilindi.








