Qarshining “Nasaf” jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev bir klubda ishlash davomiyligi bo‘yicha jahonning eng mashhur mutaxassislaridan biri — Pep Gvardiolani ortda qoldirdi. Bu haqda CIES Football Observatory tadqiqot markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha jahon reytingining mutloq peshqadami sifatida Germaniyaning “Haydenhaym” klubi ustozi Frank Shmidt qayd etilgan. Ikkinchi pog‘onani Madridning “Atletiko” jamoasini uzoq yillardan barqaror boshqarib kelayotgan Diego Simeone egallab turibdi. Kuchli uchlikni esa aynan o‘zbekistonlik mutaxassis Ro‘ziqul Berdiyev yakunlab bergan. “Ajdarlar” ustozidan keyingi o‘rinda “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola joy olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Berdiyev “Nasaf” boshqaruvida uzluksiz ravishda 14 yil-u 3 oydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Zamonaviy futbolda murabbiylarning tez-tez almashishi surunkali tus olgan bir paytda, Berdiyevning “Nasaf”dagi bunday uzoq yillik faoliyati xalqaro ekspertlar e’tiborini tortgan.
Eslatib o‘tamiz, Ro‘ziqul Berdiyev boshqaruvida “Nasaf” nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro maydonda ham barqaror natijalar qayd etib kelmoqda. Tajribali mutaxassis jamoa boshqaruviga kelgach, qarshiliklar bir marta O‘zbekiston Superligasida, to‘rt martadan mamlakat Kubogi hamda Superkubogida zafar quchdi.








