Braziliyada 13 yoshli o‘smir maktabda otishma sodir etib, ikki nafar xodimni o‘ldirdi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 5-may kuni Akri shtatining Rio Branko shahrida sodir bo‘lgan. Bola maktabga kirib, direktor xonasiga olib boruvchi yo‘lakda bir necha marta o‘q uzgan. Hujumdan so‘ng u politsiyaga taslim bo‘lgan. Hujum oqibatida ikki kishi, jumladan, 11 yoshli qiz oyog‘idan yaralangan.
Bola otishmada 380 kalibrli to‘pponchadan foydalangan, qurolga egalik qilgan o‘gay otasi ham hibsga olingan. Politsiya bolaga yordam berganlikda gumonlangan o‘quvchilarni ham aniqlagan.
Maktabga tutash mehmonxona qabulxonasi xodimi Eduardo Rodriges Kavalkante ba’zi o‘quvchilar maktabni mehmonxonadan ajratib turuvchi devordan sakrashga uringanini aytdi.
“Devorning balandligi olti metr, undan faqat bir kishi sakrab o‘tib, shu yerda, mehmonxonada yashirinib oldi. Qolgan odamlar qochishga urinib, maktab tomida qolib ketdi”, dedi 19 yoshli qabulxona xodimi.
U o‘q ovozlari va ko‘plab qichqiriqlarni eshitganini aytdi. Mahalliy OAV tomonidan e’lon qilingan suratlarda zambilda ayol evakuatsiya qilinayotgani, maktab tashqarisida odamlar yig‘layotgani va bir-birini quchoqlayotgani aks etgan.
“Ushbu fojia munosabati bilan davlat halok bo‘lganlarning oila a’zolariga, San Xose instituti maktabi jamoasiga va ushbu voqeadan jabr ko‘rgan barcha ta’lim xodimlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi shtat hukumati xabarida.
Shtatdagi barcha maktablarda darslar uch kunga to‘xtatilgan, o‘quvchi hamda o‘qituvchilarga yordam berish uchun psixologik ko‘mak guruhlari safarbar etilgan.
So‘nggi yillarda Braziliyada ta’lim muassasalariga hujumlar keskin ko‘paydi.
- 2025-yil sentyabr oyida Seara shtatidagi maktabda ikki o‘smir otib o‘ldirilgan, yana uch nafari yaralangan edi.
- 2023-yil oktyabr oyida San Paulu shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada 17 yoshli o‘quvchi halok bo‘ldi, yana uch kishi yaralandi.
- O‘sha yilning aprel oyida 25 yoshli yigit janubiy Santa Katarina shtatidagi bolalar bog‘chasiga kirib, bolta bilan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan to‘rt bolani o‘ldirdi.








