Eronda ozodlikdan mahrum qilingan Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Nargis Muhammadiyning sog‘lig‘i keskin yomonlashdi. U o‘tgan haftada qamoqxonadan shifoxonaga o‘tkazilgandi. Uning akasi ma’lum qilishicha, Nargis hozirda shoshilinch maxsus tibbiy yordamga muhtoj. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nargis Muhammadiy 2023-yilda Eronda ayollar huquqlari va o‘lim jazosini bekor qilish yo‘lidagi harakatlari uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgandi (u o‘sha paytda qamoqda bo‘lgan). Oilasining so‘zlariga ko‘ra, u 2026-yil mart oyi oxirida yurak xurujini boshdan o‘tkazgan. Sog‘lig‘i tez yomonlashgani sababli 1-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi shifoxonaga olib borilgan.
“U qattiq bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va ko‘krak qafasidagi og‘riqlardan azob chekmoqda. Biz uning yuragidan juda xavotirdamiz”, dedi uning akasi Hamidrizo Muhammadiy Norvegiyadagi uyidan turib bergan intervyusida.
“Hayoti xavf ostida”
Akasining so‘zlariga ko‘ra, u hozirda davolanayotgan provinsiya shifoxonasi yetarli darajada tibbiy yordam ko‘rsata olmayapti. Ekspertlarning fikricha, Nargisning hayoti jiddiy xavf ostida. To‘g‘ri davolanish uchun qamoqxona sharoitidan kamida bir oy uzoqda bo‘lishi kerak.
“Unda jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan va uning holatini yaxshi biladigan shaxsiy shifokorlari zarur”, deydi Hamidrizo Muhammadiy.
Muhammadiyning oilasi va Norvegiya Nobel qo‘mitasi Eron rasmiylaridan uni Tehrondagi maxsus tibbiy guruhga o‘tkazishni so‘rab murojaat qildi.
“Rejim uni sindira olmadi”
Hamidrizo Muhammadiy singlisini taslim bo‘lishni istamaydigan “tabiat kuchi”ga qiyosladi.
“Nargis qamoqda uzoq vaqt qolib, ‘singan’ va mahzun bo‘lgan mahbus haqidagi stereotipni buzdi. Uning o‘ziga xosligi shunda. U doimo jo‘shqin bo‘lgan va rejim uni sindirishiga qarshilik qilib kelmoqda”, dedi u.
Hamidrizo singlisi bilan oxirgi marta dekabr oyida, u yana hibsga olinishidan bir kun oldin gaplashgan. Uning aytishicha, AQSH va Isroil bilan davom etayotgan urush sharoitida Erondagi oilasi bilan bog‘lanish ham qiyinlashgan. Uning fikricha, hukumat urushdan tazyiqlarni oqlash uchun foydalanmoqda.
“Erondagi vaziyat avvalgilariga o‘xshamaydi. Bu favqulodda holat. Ko‘plab odamlarning hayoti xavf ostida ekanini bilamiz. Har kuni qatllar ijro etilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”, dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, dunyo e’tibori urushga qaratilgan bir paytda, xalqaro hamjamiyat Eron xalqining ahvoli va inson huquqlariga ham diqqat qaratishi kerak.
“Dunyo uyg‘onishi kerak”, deya xulosa qildi u.








