2026-yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun jami 287 nafar nomzod ko‘rib chiqiladi. Ro‘ytaxtda AQSH prezidenti Donald Tramp ham borligi ehtimoli yuqori.
Ta’kidlanishicha, bu yilgi nomzodlarning 208 nafari jismoniy shaxslar, 79 tasi esa tashkilotlardir. Norvegiya Nobel qo‘mitasi kotibi Kristian Berg Harpvikenning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxat o‘tgan yilgiga qaraganda ancha uzun.
“Men bu lavozimda yangiman. Meni hayratda qoldirgan narsalardan biri — ro‘yxatning yildan yilga qanchalik yangilanib borayotganidir”, deydi 2025-yil yanvar oyidan buyon ishlab kelayotgan Harpviken.
Dunyoda urush ko‘payib, xalqaro hamkorlik bosim ostida qolayotganiga qaramay, mukofot o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Harpvikenning fikricha, hozirgi davrda tinchlik yo‘lidagi yaxshi ishlar har qachongidan ham muhimroqdir.
Tramp nomzodi tasdiqlanganmi?
Kambodja, Isroil va Pokiston yetakchilari bu yilgi mukofotga Donald Tramp nomzodini ko‘rsatganini ma’lum qildi. Agar bu takliflar berilgan bo‘lsa, ular 2025-yil bahor va yozida amalga oshirilgan. Nomzod ko‘rsatish muddati 31-yanvarda tugaganini hisobga olsa, bu takliflar haqiqiy.
Biroq bu ma’lumotni tekshirishning imkoni yo‘q. Sababi nomzodlar 50 yil davomida sir saqlanadi. Harpviken 30-aprel kuni Trampning nomzodi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.
Shuni yodda tutish kerakki, kimningdir nomzodi ko‘rsatilishi — mukofot qo‘mitasi uni qo‘llab-quvvatlaydi degani emas. Nomzodlarni minglab odamlar, jumladan, hukumat a’zolari, professorlar va sobiq Nobel laureatlari taklif qilishi mumkin.
Bukmekerlik idoralarida bu yilgi g‘oliblik uchun bir qancha nomlar ilgari surilmoqda. Ular orasida rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya, Rim papasi Leo XIV, Sudanning Favqulodda vaziyatlarga javob berish guruhi bor.
Eronlik laureat
Qo‘mita 2023-yilgi laureat, eronlik huquq himoyachisi Nargis Mohammadiyning sog‘lig‘idan qattiq xavotirda. U Eronda hibsga olinib, qamoqda yurak xurujini o‘tkazgan va ahvoli yomonlashmoqda. Uning tarafdorlari 29-aprel kuni Mohammadiyning hayoti xavf ostida ekanini aytdi. Qo‘mita Eron hukumatidan Mohammadini davolanishi uchun ozod qilishni so‘ramoqda.
Yana kimlar nomzod bo‘lishi mumkin?
Norvegiyalik deputat Lars Haltbrekken bu yilgi mukofotga yana ikki kishini taklif qilgan. Ular Alyaskadan AQSH senatori Liza Murkovski va Daniya parlamentining Grenlandiyadan saylangan a’zosi Aaya Chemnitsdir.
Deputatning aytishicha, ular ko‘p yillar davomida Arktika mintaqasining tinch rivojlanishi va ishonchni mustahkamlash ustida tinimsiz ishlagan. Grenlandiya masalasi bu yil Trampning ushbu orolni Daniyadan sotib olishga bo‘lgan qat’iy urinishlari tufayli alohida e’tiborda bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, 9-oktyabr kuni bu yilgi g‘olib e’lon qilinadi. 10-dekabr kuni esa mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi, 2025-yilgi Tinchlik mukofoti venesuelalik muxolifatchi Mariya Korina Machadoga berilgan. Ammo u mukofotni Donald Trampga sovg‘a qilib yuborgan.








