AQSHdan bir sutka ichida Isroilga 6 500 tonna o‘q-dori va harbiy texnika olib kelindi. Yuklar ikkita yirik kema va bir nechta yuk samolyotlari orqali tashildi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligiga tayanib The Jerusalem Post xabar berdi.
Yetkazib berilgan yuklar orasida o‘q-dorilar, harbiy yuk mashinalari va JLTV zirhli avtomobillari bor. Harbiy texnika ortilgan kemalar Ashdod va Xayfa portlariga kelib tushirilgan. Operatsiya vazirlikning Mudofaa ta’minoti boshqarmasi va Xalqaro yuk tashish bo‘limi ishtirokida olib borilgan. Isroilning AQSHdagi vakolatxonasi va armiya bilan ham hamkorlik qilingan. Eronga qarshi urush boshlanganidan beri Isroil 115 600 tonna harbiy yuk qabul qildi.
“Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat rivojlanishda davom etar ekan, havo va dengiz orqali yuk tashish tayyorgarlikni oshirishning markaziy vositasi bo‘lib qolmoqda. Operatsiya boshlanganidan beri Isroil 403 ta havo va 10 ta dengiz transporti orqali 115,6 ming tonnadan ortiq harbiy texnika oldi”, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.
Vazirlik rahbari Isroil Katsning aytishicha, mamlakat “har qanday frontda va zarur bo‘lgan joyda dushmanlariga qarshi harakat qilish uchun doimo shay”.
“Havo va dengiz orqali yuk yetkazishning kengayishi SAXAL (Isroil mudofaa kuchlari)ning imkoniyatlari va operatsion ustunligini mustahkamlaydi”, dedi u.
Mudofaa vazirligi bosh direktori Amir Baram esa harbiy yuk tashish yaqin haftalarda kengayishini aytdi.
“Minglab tonna o‘q-dori va harbiy texnika ortilgan samolyot hamda kemalar har qanday vaqtda Isroilga yo‘l olmoqda. Bu vazirlik strategiyasining asosi hisoblanadi: qisqa muddatli yirik xaridlar orqali ham, kelgusi o‘n yillik bo‘yicha xavfsizlikka tayyorgarlik ko‘rish orqali ham. Amalga oshirilgan yirik logistika operatsiyasi yaqin haftalarda yanada kengaytiriladi”, dedi u.
BMT ekspertlari Isroilga qurol sotmaslikka chaqirdi
Tashkilot ekspertlari Livanga qilinayotgan hujumlar ortidan BMTga a’zo davlatlarni Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib bermaslikka chaqirmoqda. Ular Isroilning “xalqaro gumanitar va inson huquqlarini jiddiy buzganiga” oid ishonchli dalillar borligini aytgan.
Isroilning Livanga qarshi hujumlari 2-mart kuni boshlandi. Vaziyat “Hizbulloh” Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni o‘ldirilganiga javoban Isroilga raketalar uchirganidan keyin keskinlashdi. Livanga qilingan hujumlar davomida 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 1,2 milliondan ortiq kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
BMT ekspertlari “tinch aholini majburiy ko‘chirish insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Isroilning Livan janubida, asosan shialar yashaydigan hududlarda uylarni maqsadli “vayron qilishi” etnik tozalash hisoblanishini aytdi.








