Ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi jangini 9-may kuni Buyuk Britaniyada tashkil etiladigan yirik professional boks oqshomida o‘tkazadi.
Mazkur jangda Jalolovga xorvatiyalik charm qo‘lqop ustasi Agron Smakichi raqiblik qiladi. Ma’lumot uchun, aslida Bahodir va Agron 2024-yilda IBA.Pro turnirida to‘qnash kelishlari kerak edi, ammo o‘shanda Jalolovning o‘rniga ringga chiqqan boshqa bir o‘zbekistonlik bokschi Jahongir Zokirov xorvatiyalik bokschi ustidan ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozongandi. Hozircha boks oqshomi Buyuk Britaniyaning London yoki Manchester shaharlaridan birida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov shu kunga qadar professional boksda 17 marta jang o‘tkazib, ularning 15 tasida muddatidan avval g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 bahsda ochkolar hisobiga raqibdan ustun kelgan. U oxirgi jangiga nigeriyalik Solomon Adebayoni mag‘lub etgan. Smakichi ham professional ringda tajribali bokschi bo‘lib, o‘zining faoliyati davomida jami 24 ta jang o‘tkazgan va 21 ta g‘alaba hamda 3 ta mag‘lubiyat (21-3-0) ko‘rsatkichiga ega.
Eslatib o‘tamiz, mazkur boks oqshomida yana bir o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Javohir Ummataliyev ham ringga ko‘tariladi. Kechaning markaziy jangida esa Daniel Dyubua va Fabio Uordli o‘zaro to‘qnash keladi.








