Daryo

O‘zbekistonda may oyida qanday ob-havo bo‘ladi?

2026-yil may oyi odatdagidan issiqroq bo‘lishi, o‘rtacha harorat me’yordan 1,5–2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oy boshida qisqa muddatli yomg‘ir, momaqaldiroq va kuchli shamol kuzatiladi, keyin esa havo asta-sekin isib boradi.

1 daqiqa o‘qish7 226 ko‘rishlar0 izoh4

O‘zbekistonda 2026-yil may oyi odatdagidan issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. “O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, oy davomida o‘rtacha harorat iqlimiy me’yordan 1,5–2 darajaga yuqori bo‘ladi.

Bu oy aprelga nisbatan odatda 4–6 darajaga iliqroq kechadi. Respublikaning katta qismida oyning birinchi yarmida kunduzgi o‘rtacha harorat 24–27 daraja, ikkinchi yarmida esa 28–31 darajani tashkil etadi.

Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar kuzatilib, harorat 34–37 darajagacha ko‘tariladi. Shimol, janub va cho‘l hududlarida ayrim kunlari havo 36–38 darajagacha, ba’zi yillarda esa 43–45 darajagacha isishi mumkin.

Prognozga ko‘ra, 2026-yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida respublika bo‘yicha ayrim joylarda momaqaldiroq, kuchli shamol va qisqa muddatli yomg‘ir kuzatiladi.

Bu kunlarda havo harorati kechalari 13–18 daraja, kunduz kunlari 22–27 daraja atrofida bo‘ladi. Keyinchalik oy oxirigacha harorat asta-sekin ko‘tarilib, kechalari 18–23 daraja, kunduz kunlari 30–35 darajagacha yetadi.

“O‘zgidromet” qayd etishicha, may oyida yog‘ingarchilik mart va aprelga nisbatan kamroq bo‘ladi. Hududlarning katta qismida oylik yog‘in me’yori 20–45 millimetrni, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 50–90 millimetrni tashkil etadi.

Shu bilan birga, may oyidagi yomg‘ir ko‘pincha qisqa muddatli bo‘lib, momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kechadi. Ayrim hollarda bir necha soat ichida oylik yog‘in me’yorining yarmidan ko‘prog‘i yog‘ishi mumkin. Tog‘li va tog‘oldi hududlarda bunday jala yomg‘ir sel kelish xavfini oshiradi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar