Ramzan Qodirovning Checheniston hukumatida ishlagan jiyani Yakub Zakriyev Serbiya fuqaroligini oldi. Bu haqda Serbiya bosh vaziri Juro Matsut imzolagan buyruqqa tayanib “Nedeljnik” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, pasport “Serbiya Respublikasi manfaatlari uchun” berilgan. Yakub Zakriyev Checheniston rahbarining opa-singillaridan birining o‘g‘li hisoblanadi. U Grozniy meri va Checheniston qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimlarida ishlagan.
2023-yil iyul oyida u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoni bilan “Danone Rossiya” bosh direktori etib tayinlangandi. Mazkur kompaniya Fransiyaga tegishli Danone bo‘lib, u milliylashtirilgan. 2025-yilda Zakriyev “Axmat” futbol klubi prezidenti ham bo‘ldi.
Hozirda Danone’dan tortib olingan va “Logika moloka” deb o‘zgartirilgan kompaniya rasman chechenistonlik tadbirkor, ilgari Checheniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari va Grozniy meri o‘rinbosari bo‘lgan Ruslan Alisultanovga tegishli. Ushbu shaxs Serbiya fuqaroligini (2024-yil mart oyida) Ramzan Qodirovning boshqa yaqinlari, “Rostex” xodimlari va Ukrainaning bosib olingan hududlarida ishlagan tashkilotlar vakillari bilan birga olgan. Bu haqda “Vajnie istorii” va Serbiyaning jinoyatchilik va korrupsiyani tergov qiluvchi KRIK tarmog‘i qo‘shma surishtiruvda ma’lum qilgan.
Bolqonlik siyosatshunos Aleksandr Djokich Serbiya hukumati Putin elitasi vakillariga ushbu mamlakatda yashovchi oddiy rossiyaliklarga zarar yetkazgan holda pasport berayotganini ta’kidladi.
“Bu butun boshli tendensiya: Serbiya hukumati Rossiya siyosiy va iqtisodiy elitasiga Yevropaga vizasiz kirishi uchun fuqarolik bermoqda. Boshqa tomondan, Yevrokomissiya tomonidan haddan tashqari ko‘p pasport berganlik uchun tanqid qilinmaslik maqsadida oddiy rossiyalik muhojirlarga fuqarolik berilmayapti”, dedi u.
2025-yil noyabr oyidagi Yevrokomissiya hisobotida aytilishicha, rossiyaliklarga Serbiya pasportlarini berish “Yevropa Ittifoqi xavfsizligi uchun potensial xavf tug‘diradi”. Chunki ular Serbiya fuqarolari sifatida Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirish huquqiga ega.








