Daryo

Netanyaxu Livanga zarba yoʻllashni buyurdi

Uch haftaga uzaytirilgan sulhdan atigi ikki kun o‘tib “ ʻHizbulloh’ nishonlariga” zarba yoʻllandi. Livandagi hujumlarda olti kishi halok boʻldi.

2 daqiqa o‘qish3 581 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu uch haftaga uzaytirilgan sulh bitimidan atigi ikki kun o‘tib, armiyaga Livandagi “Hizbulloh” nishonlariga “shiddatli hujum qilish”ni buyurdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bunga “Hizbulloh” tomonidan “o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishi” sabab bo‘lgani aytilmoqda. Guruh Isroil shimoliga va Livan janubida joylashgan Isroil bo‘linmalariga raketa va dronlar uchirgani ma’lum qilingan.

Netanyaxuning ko‘rsatmasi ortidan 25-aprel kuni Isroil armiyasi yangi zarbalar yoʻllagan. Mazkur hujumlar oqibatida jamida olti kishi halok boʻlgan. Jumladan, Nabatiya shahrida yuk mashinasi va mototsiklga berilgan zarbalarda to‘rt kishi qurbon bo‘ldi. Bint-Jubayl shahrida esa ikki kishi halok bo‘ldi, 17 kishi turli darajadagi jarohatlar oldi.

Isroil armiyasining bayonoti

Isroil harbiylari hujumlarda “qurol-yarog‘ ortilgan” transportni boshqarayotgan “Hizbulloh”ning uch nafar a’zosi va bir motosiklchini yo‘q qilganini ta’kidladi. Shuningdek, Litani daryosi atrofida “Hizbulloh”ning yana ikki nafar a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu shaxslar Livan janubida amaliyot o‘tkazayotgan isroillik askarlarga “bevosita tahdid solgani” qayd etilgan.

Bundan tashqari, Isroil tomoni Malkia hududida “shubhali havo nishoni” aniqlanganini ma’lum qilib, buni o‘t ochishni to‘xtatish rejimining navbatdagi buzilishi deb baholadi.

“Hizbulloh”ning javob zarbasi va umumiy vaziyat

“Hizbulloh” guruhi Nabatiyadagi hujumlarga javoban Livan janubidagi Isroil armiyasi texnikasini nishonga olganini bildirdi. Bu kabi toʻqnashuvlar AQSH prezidenti Donald Tramp 23-aprel kuni e’lon qilgan uch haftalik sulh amalda ishlamayotganini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi vaqtda Isroil Livan janubining katta qismini ishg‘ol ostida ushlab turibdi. U yerda keng ko‘lamli vayronagarchiliklarni (binolarni buzish ishlarini) davom ettirmoqda.

14-aprel kuni AQSHda Isroil va Livan vakillari o‘rtasida 1993-yildan beri birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularni ikki davlatning AQSHdagi elchilari olib bordi. AQSH muzokaralar “Hizbulloh” ta’sirini kamaytirish uchun “tarixiy imkoniyat” ekanini ta’kidladi.

Livan prezidenti xavfsizlikni faqat armiya ta’minlashi kerakligini aytdi. Biroq “Hizbulloh”ga qarshi imkoniyatlar cheklanganini tan oldi. Isroilning Livanga qarshi hujumlari 2-mart kuni boshlandi. Vaziyat Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni o‘ldirilganiga javoban “Hizbulloh” Isroilga raketalar uchirganidan keyin keskinlashdi.

Livanga qilingan hujumlarda 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 1,2 milliondan ortiq kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi. BMT ekspertlari “tinch aholini majburiy ko‘chirish insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta’kidlagan. Isroil va Livan 16-aprel kuni o‘t ochishni o‘n kunga to‘xtatishga kelishib olgandi, 23-aprel kuni bu muddat uch haftaga uzaytirilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar