Daryo

Sovet davrida haqiqatan ham samara bergan, biroq hozirda unutilgan 3 ta diyeta

Butun dunyo yangi ovqatlanish tizimlarini ixtiro qilayotgan bir paytda, sovet davrining uch parhezi o‘z ishini qilgan va hozirgacha samara berib kelmoqda.

3 daqiqa o‘qish5 298 ko‘rishlar0 izoh2

Sovet ayollarida ozish marafonlari, shaxsiy nutritsiologlar va har qadamda proteinli batonchiklar taklif qiladigan ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan. Buning o‘rniga ularda “Rabotnitsa” va “Krestyanka” jurnallaridan qirqib olingan parchalar yopishtirilgan daftarlar, sinalgan retseptlarni biladigan qo‘shnilar va (eng muhimi) sovet olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bir nechta haqiqatan ham ish beradigan ovqatlanish tizimlari bor edi.

Ayrimlar karam sho‘rva va petrushka bilan ozmoqchi bo‘lgan bir paytda, boshqalar ilmiy asosga ega uslublardan foydalangan. Ammo quyidagi uch parhez bugungi kunda ozish haqidagi suhbatlardan chetda qolib ketgan.

Pevzner bo‘yicha 8-sonli parhez

1930-yilda Sovet Ittifoqida Oziq-ovqat instituti tashkil etildi. Bu o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan hodisa edi, chunki hech bir mamlakatda davlat diyetologiya bilan bu darajada shug‘ullanmasdi. Institutga terapevt va sovet diyetologiyasi asoschilaridan biri, professor Manuil Pevzner rahbarlik qilgan.

Pevzner muayyan kasalliklar va holatlar uchun 15 ta ratsiondan iborat tizimni ishlab chiqdi. 8-ratsion ortiqcha vaznga ega kishilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, vazn kamaytirishga qaratilgan birinchi rasmiy sovet parheziga aylandi. Uning mohiyati oddiy, shu bilan birga qat’iy edi: tez hazm bo‘luvchi uglevodlar va hayvon yog‘laridan to‘liq voz kechish, hech qanday yarimtayyor mahsulotlar, shakar va ishtaha ochuvchi ziravorlar iste’mol qilmaslik — hamma narsa bug‘da, suvda yoki dimlab pishirilardi.

Kunlik kaloriya miqdori 1800-2000 kilokaloriyadan oshmasligi, ovqatlanish esa kuniga kamida olti martani tashkil etishi kerak edi.

Dasturxonda ekzotik mahsulotlar emas, har qanday sovet do‘konida topiladigan narsalar bo‘lishi kerak edi. 8-sonli parhez yaxshi samara bergan: u shunchaki ortiqcha narsalarni chetlatib, rejimni yo‘lga qo‘ygan. Pevzner tizimi SSSRdan keyin ham 2003-yilda qisman qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, Rossiya shifoxonalarida hamon qo‘llanadi.

Ginzburgning kefir-grechkali parhezi

1970-yillarning oxirlarida shifokor-diyetolog Mixail Ginzburg tezda ommalashib ketgan usulni ishlab chiqdi. Kefir-grechkali parhez g‘oyatda oddiy edi: kechqurun qaynoq suvga ivitib qo‘yilgan grechka va kuniga bir litrgacha yog‘siz kefir. Hech qanday tuz, shakar va qo‘shimchalarsiz — kuniga ikki-uch mahal ovqatlanish va orada suv ichish.

Parhez ikki haftaga mo‘ljallangan: bu vaqt ichida 3 kilodan 7 kg gacha vazn tashlanardi. Uning mexanizmi oddiy: grechka murakkab uglevodlar va kletchatka hisobiga uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi, kefir esa organizmni oqsil bilan ta’minlab, mikroflorani qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo ikki hafta faqat grechka va kefir iste’mol qilish — yog‘lar, bir qator vitaminlar va minerallarning muqarrar yetishmovchiligiga olib keladi. Vazn kamayadi, lekin u bilan birga nafaqat yog‘, balki mushak massasi ham yo‘qoladi. Odatiy ovqatlanishga qaytilgach, kilogrammlar, odatda, tezda ortadi — organizm majburiy “tejamkorlik”ning o‘rnini to‘ldiradi.

3. Kreml parhezi

Kreml parhezining kelib chiqishi haqida turli afsonalar yurardi. Bir taxminga ko‘ra, uni sovet diyetologlari qat’iy cheklovlarsiz qomatini saqlab yurishi kerak bo‘lgan yuqori martabali amaldorlar uchun maxsus ishlab chiqqan. Boshqa bir taxminga ko‘ra esa bu G‘arbning oqsilga asoslangan uslublari, xususan, Atkins tamoyillarining sovet mamlakatlariga moslashtirilgan shakli bo‘lgan. 

Bu tamoyil sovet kishisi uchun kutilmagan edi: har yuz gramm mahsulotga shartli birliklar — “ochkolar” belgilanardi. Kundalik me’yor 40 ochkoni tashkil etar, uning doirasida esa hajmi bo‘yicha deyarli hech qanday cheklovlarsiz ovqatlanish mumkin edi. Tizimning g‘aroyibligi shunda ediki, go‘sht, tuxum va hatto achchiq alkogol eng kam ochkoga ega bo‘lsa, sabzavotli salatlar va mevalarga katta ochko berilardi. Aslida bu uglevodlarni taqiqlashning o‘ziga xos bir ko‘rinishi edi, xolos.

Ozish organizmda suyuqlikni ushlab turuvchi uglevodlarni keskin kamaytirish hisobiga yuz bergan — dastlabki natijalar bir haftadayoq ko‘ringan. Parhez, shuningdek, jismoniy faollikni ham nazarda tutgan: ertalabki gimnastika va har kungi sayrlar. 

Agar ratsioningizni o‘zgartirib, vazn tashlamoqchi bo‘lsangiz, ishni shifokor yoki diyetolog qabuliga borishdan boshlang. Bu urf bo‘lgani uchun emas, balki faqat mutaxassisgina vaziyatni to‘liq ko‘ra oladi: tahlillar, yondosh kasalliklar va turmush tarzingiz. Qo‘shningizda yoki “Rabotnitsa” jurnalidagi sovet aktrisasida ish bergan usul sizga to‘g‘ri kelmasligi mumkin va bu normal holat.

Asolat G‘ulomnazarova tayyorladi​

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar