Yoz — organizmning yuqori haroratga, suv-tuz muvozanatining o‘zgarishiga va kuchli terlashga faol moslashadigan davridir. Shu bois yilning issiq faslida tanovul qilinadigan taomlar nafaqat quvvat berishi, balki organizmga mavsumiy zo‘riqishni yengilroq o‘tkazishda yordam berishi ham lozim.
Biroq ayrim mahsulotlar charchoq, shish, chanqoq va oshqozon-ichak yo‘llaridagi bezovtalikni kuchaytirishi mumkin. Ularning barchasi quyida sanab o‘tilgan.
Mayonez va tayyor taomlar

Olivye, qisqichbaqali salat, shuningdek, tuxum, kolbasa, baliq va mayonez qo‘shilgan salatlarni yozda faqat bir holatda yegan ma’qul: agar ularning qayerda, qachon va qanday tayyorlanganini aniq bilsangiz.
Issiqda bunday taomlar tez ayniydi — ayniqsa, salat dala hovlidagi stolda, sayrda (piknikda) yoki goh ishlab, goh ishlamaydigan konditsioner ostidagi kafeda bir necha soat turib qolsa. Yozda ovqatdan zaharlanish xavfi yuqori bo‘ladi, chunki issiqda bakteriyalar faol ko‘payadi.
![]()
Buning o‘rniga yog‘ yoki limon sharbati qo‘shilgan sabzavotli salatlarni tanlagan ma’qul. Tuxum, go‘sht, baliq, sutli qaylalar va mayonez solingan taomlarni esa muzlatkichda saqlash va issiqda qoldirmaslik kerak.
Gazlangan va salqin ichimliklar
Yozda muzday gazli ichimlik ichasiz-u, go‘yo yengil tortgandek bo‘lasiz. Ammo gazlangan ichimliklar tarkibida shakar ko‘p bo‘lib, u qondagi glyukoza miqdorini tezda oshiradi. Dastlab quvvat oqimini his qilsangiz, keyinroq uning o‘rnini quvvatsizlik, charchoq, jahldorlik va yana nimadir shirinlik yeyish istagi egallaydi. Vaznini kamaytirayotgan yoki ko‘p yeyishga moyil bo‘lgan odamlar uchun bu ayniqsa xavfli: suyuq kaloriyalar deyarli to‘qlik hissini bermaydi, biroq kunlik me’yorga 200–500 kkal ni osonlikcha qo‘shib qo‘yadi.

Shirin ichimliklar chanqoqni har doim ham bosavermaydi. Ba’zan yanada ko‘proq ichgingiz keladi. Yozda eng yaxshi tanlov — oddiy suv, mineral suv, shakarsiz uyda tayyorlangan limonad, yalpiz, limon, rezavorlar yoki bodring qo‘shilgan suvdir.
Qovurilgan yog‘li go‘sht va fastfud
![]()
Fastfud, shahar kafelari va oshxonalaridagi arzon taomlarning bari doim mo‘l-ko‘l yog‘ga qovurilgan bo‘ladi. Yog‘ning haddan tashqari ko‘pligi esa uyquchanlik, og‘irlik hissi, jig‘ildon qaynashi, qorin dam bo‘lishini kuchaytirib, harakatlanish istagini so‘ndiradi. Og‘ir taomdan so‘ng faqat divanda yotishni istaysiz, xolos. Dasturxonga faqat fri va lavash emas, sabzavotlar, ko‘katlar va suv ham qo‘shish zarur.
Kremli desertlar
Kremli pirojniylar, tortlar, eklerlar hamda tvorogli yoki qaymoqli nachinkali desertlar yozda xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ular metro yoki mahalla yaqinidagi qahvaxonalarda, do‘konchalarda taroziga tortib sotilsa va sovitkichsiz uzoq vaqt saqlansa.
![]()
Bunday mahsulotlar tez ayniydi va ovqatdan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ularning tarkibida odatda shakar va yog‘ miqdori ko‘p bo‘ladi — bu birikma hazm tizimiga og‘irlik qiladi va ortiqcha yeyishga undaydi.
Agar shirinlik yegingiz kelsa, yozda rezavor mevalar, mevalar, yogurt, tvorog va rezavorlar aralashmasi, uyda tayyorlangan mevali muzqaymoq yoki shakarsiz sorbet ayni muddao bo‘ladi.
Haddan tashqari sho‘r mahsulotlar
Chipslar, qarsildoq nonlar, tuzlangan baliq, kolbasa, dudlangan go‘shtlar, marinadlangan gazaklar kabi juda sho‘r mahsulotlar chanqoqni va shishlarni kuchaytiradi.

Tuzning miqdori ko‘p, ratsion esa sabzavotlar, kaliy va suvga boy bo‘lmasa, organizm suyuqlikni ushlab qolishi mumkin. Ertalabki shishlar, og‘irlik, shishganlik hissi shundan kelib chiqadi, garchi kecha “hech narsa yemagandek” bo‘lsangiz ham.
Yozda yangi sabzavotlar, ko‘katlar, rezavorlar, mevalar, me’yoriy miqdordagi oqsil va yetarli miqdordagi suvga e’tibor qaratgan ma’qul.
Yozning asosiy qoidasi
Yozda qat’iy parhezga o‘tirib, shirinlik yemay, faqat bodring iste’mol qilish shart emas. Lekin tez ayniydigan, ovqat hazm qilishni qiyinlashtiradigan, chanqoqni, shishlarni va shirinlikka bo‘lgan moyillikni kuchaytiradigan mahsulotlar miqdorini kamaytirish lozim.








