Germaniyaning “Shtutgart” klubi bosh murabbiyi Sebastyan Xyoness joriy mavsum yakunlangach, “Real Madrid” boshqaruviga kelishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
“Real” yangi murabbiy qidirmoqda, chunki jamoaning Chempionlar Ligasidan chiqib ketishi va chempionatda “Barselona”dan ortda qolayotgani klub rahbariyatiga ma’qul kelmagan. Xabar qilinishicha, aynan germaniyalik mutaxassis ushbu lavozim uchun asosiy nomzodlardan biriga aylangan. Uning o‘yin uslubi va “Shtutgart”ning ko‘plab o‘yinchilari sotib yuborilganiga qaramay erishayotgan muvaffaqiyatlari “qaymoqranglilar” rahbariyatida katta taassurot qoldirgan.
Mutaxassisning Germaniya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Xyoness “Shtutgart”ni 2023-yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida klub 2024/2025-yilgi mavsumda Germaniya Kubogini qo‘lga kiritdi.
Jamoa joriy mavsum Germaniya Bundesligasida 56 ochko jamg‘argan holda, “Bavariya”, “Borussiya Dortmund” va “Leypsig”dan so‘ng 4-o‘rinni egallab turibdi.
“Real” ayni vaqtda 73 ochko bilan La Liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Qirollik klubi” asosiy raqobatchisi “Barselona”dan 6 ochkoga ortda qolmoqda. Biroq “ko‘k-anorranglilar” Madrid klubidan bir o‘yin kam o‘tkazgan.
“Qirollik klubi” Yevropa Chempionlar Ligasini ham erta tark etdi. Jamoa musobaqaning chorak final bosqichida Myunxenning “Bavariya” klubiga (umumiy 4:6 hisobida) imkoniyatni boy berib, turnir bilan xayrlashdi.
Avvalroq, amaldagi bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning kelajagi borasida La Liga yakunlangach bir qarorga kelinishi ma’lum qilingan edi. Murabbiyning ishiga klub rahbariyati tomonidan berilgan umumiy baho ijobiy. Bunga sabab sifatida hal qiluvchi pallalardagi jarohatlarning ko‘pligi (YCHL nimchorak finalida “Manchester Siti”ga qarshi o‘yin oldidan 7 nafar futbolchi jarohat olgan) ko‘rsatilmoqda.
Biroq, “Real Madrid” murabbiylari uchun asosiy o‘lchov birligi titullar hisoblanadi. Ispaniya Kubogi va Chempionlar Ligasi boy berildi (Ispaniya Superkubogi esa Xabi Alonso hisobiga yozilgan). Endi faqat La Ligadagi “mo‘jiza” vaziyatni qutqarib qolishi mumkin. Shuning uchun klub muqobil variantlarni ko‘rib chiqmoqda, ammo ular orasida Yurgen Klopp (muxlislar tanlovi) yoki Didye Desham kabi nomlar mavjud emas.








