Daryo

Korrupsiya mojarosi: Jazoir sobiq sanoat vaziri va oʻgʻli qamaldi

Bir qator amaldorlar metall chiqindilar savdosidagi yirik korrupsiya ishi bo‘yicha sudlandi. Sobiq vazirga qamoq bilan birga jarima ham tayinlandi.

2 daqiqa o‘qish3 579 ko‘rishlar0 izoh1

Jazoirning sobiq sanoat vaziri Ali Aun korrupsiyada aybdor deb topilib, besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Aun 2022-2024-yillarda sanoat va farmatsevtika ishlab chiqarish vaziri bo‘lgan. U bir nechta yuqori martabali amaldorlar sudlangan shov-shuvli korrupsiya ishi doirasida qamoqqa olingan. Prokurorlar sobiq vazir uchun 12 yil, boshqa ayblanuvchilar uchun esa 10 yilgacha qamoq jazosini so‘ragan. Jazoirdagi iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha sud Aunga 1 million Jazoir dinori (taxminan 7,5 ming dollar) miqdorida jarima ham tayinlagan.

“Jinoiy ish korrupsiya, noto‘g‘ri boshqaruv, sanoat va investitsiya shartnomalarini noqonuniy imzolash, xususan, qora metall va mis qoldiqlari savdosi bilan bog‘liq ayblovlarga qaratilgan”, deyiladi xabarda.

Yana bir qator amaldorlar ham ushbu ish bo‘yicha sudlangan, ayrimlari esa dalillar yetarli emasligi sabab oqlangan. Sudlanganlar orasida sobiq vazirning o‘g‘li Mehdi Aun ham bor, u olti yilga qamaldi. Shuningdek, investorlar, davlat korxonasi vakili va yirik tadbirkorlar 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ushbu sud jarayoni 2019-yilda hokimiyatga kelgan prezident Abdelmajid Tebbun tomonidan boshlangan korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasining bir qismidir. Tebbun ma’muriyati davlat apparatini tozalash maqsadida sobiq prezident Abdelaziz Buteflika davri va undan keyingi yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan qator surishtiruvlarni olib bormoqda.

Jazoirning korrupsiyani qabul qilish reytingidagi oʻrni

Mamlakat 2025-yilgi korrupsiyani qabul qilish xalqaro reytingida 182 ta davlat orasida 109-oʻrinni egallagan edi. 100 ballik indeks bo‘yicha Jazoir 34 ball to‘plagan. Bunda 0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi, 100 esa o‘ta past darajasini anglatadi.

2025-yilda korrupsiya bo‘yicha o‘rtacha jahon ko‘rsatkichi 42 ballni tashkil etgan, bu so‘nggi o‘n yildan ortiq davrdagi eng past natija hisoblanadi. Dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 50 balldan kam natija ko‘rsatgan, 80 balldan yuqori ball olgan davlatlar soni esa o‘n yil ichida 12 tadan 5 tagacha kamaygan. Oʻzbekiston reytingda uch pogʻona pastlab, 124-oʻrinni egallagan edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar