Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 20-aprel kuni mamlakatni beqarorlashtirish va milliy birlikka putur yetkazishga uringan “terrorchi” tashkilot fosh etilganini e’lon qildi. Ushbu guruhning Eron bilan aloqadorligi aytilmoqda. Bu haqda Emirates News Agency xabar berdi.
BAA Davlat xavfsizlik departamenti tashkilot a’zolarini hibsga oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolari BAA hududida tizimli ravishda teraktlar va qo‘poruvchilik operatsiyalarini o‘tkazishni rejalashtirgan.
Ma’lum qilinishicha, tergov ishlari guruh a’zolari ichki xavfsizlikka tahdid soluvchi ekstremistik g‘oya va mafkuralarni qabul qilganini ko‘rsatgan. Agentlik qo‘lga olingan 27 nafar erkakning ism-sharifi va suratlarini e’lon qildi.
Tashkilot a’zolari maxfiy uchrashuvlar orqali odamlarni yollash va safarbar qilish bilan shug‘ullangan. Bu harakatlar “tashqi kuchlar bilan muvofiqlashtirilgan rejaning bir qismi” bo‘lib, asosiy maqsad mamlakatdagi maxfiy va muhim obyektlarga kirish bo‘lgan.
Kuzatuv va tergov natijasida aniqlanishicha, guruh a’zolari mamlakat ichida va tashqarisida “terrorchi unsurlar va shubhali tashkilotlar” bilan yashirin uchrashuvlar o‘tkazgan.
“Ular amirlik yoshlari orasida noto‘g‘ri g‘oyalarni tarqatib, ularni xorijiy kuchlarga sodiqlikka chaqirgan. Yoshlarni davlatning tashqi siyosati va ichki choralariga qarshi gijgijlagan”, deyiladi xabarda.
Guruh norasmiy yo‘llar bilan pul yig‘ib, bu mablag‘larni xorijdagi shubhali tashkilotlarga o‘tkazib turgan. Qo‘lga olinganlarga nisbatan quyidagi ayblar qo‘yilmoqda:
- maxfiy tashkilot tuzish;
- uning faoliyatini mamlakat ichida boshqarish;
- tashqi kuchlarga sodiqlik haqida qasamyod qilish;
- milliy birlik va ijtimoiy tinchlikka putur yetkazish.








