Daryo

Trampning oilasi Gruziyada osmonoʻpar bino quradi

70 qavatli Trump Tower Tbilisi poytaxtdagi eng uzun bino boʻlishi kutilmoqda. U elita kvartiralar, doʻkonlar, restoranlar va mehmonxonalarni oʻz ichiga oladi.

2 daqiqa o‘qish5 190 ko‘rishlar0 izoh5

AQSH prezidenti Donald Trampning oilasiga tegishli Trump Organization kompaniyasi Gruziyada 70 qavatli osmonoʻpar bino quradi. Bu Tbilisi shahridagi eng baland bino boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Bino Trump Tower Tbilisi nomini oladi, u hashamatli turar joylar, chakana savdo nuqtalari hamda mehmonxonalarni oʻz ichiga oladi. Loyiha mashhur Gensler arxitektura firmasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Qurilish Gruziyaning Archi Group va Biograpi Living ko‘chmas mulk kompaniyalari konsorsiumi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nyu Yorkda joylashgan va Trampning uzoq yillik hamkori bo‘lgan Sapir Organization ham loyihaga jalb etilgan.

Trump Organization so‘nggi yillarda xalqaro litsenziyalash va brending bitimlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Prezidentning o‘g‘illaridan biri, kompaniyaning ijrochi vitse-prezidenti Erik Tramp Gruziyadagi loyiha boʻyicha izoh bermadi. U avvalroq biznes bitimlari davlat siyosatidan alohida yuritilishini ta’kidlagan. Yangi loyiha Tramp brendining Gruziya bilan bo‘lgan aloqalarini qayta tiklamoqda.

2012-yilda Tramp tashkiloti Gruziyaning Batumi kurort shahrida ko‘chmas mulk loyihasini amalga oshirish rejalarini e’lon qilgandi. Ammo kompaniya manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun bu va boshqa xorijiy loyihalardan voz kechgan.

Tramp ikkinchi muddatga qayta saylangach, uning kompaniyasi xorijda yangi loyihalarni boshladi, bu Yaqin Sharq, Vyetnam va Hindiston kabi bozorlarni qamrab oldi. Gruziyaning o‘zi ham strategik jihatdan nozik pozitsiyada bo‘lib, G‘arb bilan munosabatlarni saqlash va Rossiya bilan keskinliklarni boshqarishga harakat qilmoqda. Mamlakat nisbatan past soliqlar va rivojlanayotgan turizm sektori orqali xorijiy kapitalni jalb qilishga intilmoqda.

Loyiha hamkori Archi Group Gruziya uy-joy bozorida dominant o‘ringa ega bo‘lib, hozirgacha 55 dan ortiq loyihani yakunlagan. Biograpi Living esa energetika, chakana savdo va ko‘chmas mulk sohalarini qamrab olgan yirik Gruziya konglomerati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Sapir tashkiloti Manxetten va Mayamida yirik loyihalarni amalga oshirgan va Tramp oilasi bilan uzoq yillik aloqalarga ega.

Ma’lumot uchun, fevral oyida Trump Organization Avstraliyada shunga oʻxshash minora qurish boʻyicha 1,07 milliard dollar qiymatidagi shartnomani imzolagan edi. Kompaniya yanvar oyida Trampning barcha investitsiyalari, aktivlari va biznes manfaatlari uning farzandlari tomonidan boshqariladigan trastda saqlanishi va u kundalik operatsiyalar yoki qarorlar qabul qilishda hech qanday rol o‘ynamasligini aytgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar