Malayziyaning Sabah shtatidagi qishloqda yuz bergan kuchli yong‘in oqibatida 200 dan ortiq uy butunlay yonib ketdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Hodisa 19-aprel kuni Kampung Bahagia qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan tungi soat 01:32 atrofida qutqaruv xizmatiga yong‘in haqida xabar kelib tushgan.
“Kuchli shamol va uylarning bir-biriga juda yaqin joylashgani yong‘inning tez tarqalishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, suv sathining pasayishi o‘t o‘chiruvchilarning ochiq suv manbalaridan foydalanishini qiyinlashtirdi”, dedi Qutqaruv xizmati rahbari Jimmi Lagung.
Yongan uylar yogʻochdan yasalgan boʻlib, maxsus ustunlarda qurilgan edi. Qishloqda asosan hujjatsiz muhojirlar va mahalliy tubjoy aholi vakillari istiqomat qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 445 nafar kishi boshpanasiz qolib, o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim holat yuzasidan bayonot berib, federal hukumat jabrlanganlarga birinchi darajali yordam ko‘rsatishini aytdi.
“Hozirgi vaqtda eng muhim vazifa — jabrlanganlarning xavfsizligini ta’minlash va joylarda zudlik bilan yordam ko‘rsatishdir”, deb yozdi u o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Yongʻinning kelib chiqishi sababi haqida ma’lumot berilmagan.








