Daryo

Eronning muzlatilgan 100 mlrd dollari: pullar qayerda saqlanmoqda va ularning taqdiri nima bo‘ladi?

Islom Respublikasi iqtisodi 1979-yildan buyon AQSH va boshqa davlatlar sanksiyalari ostida qolmoqda. Ushbu cheklovlar Tehronni neft sotishdan tushgan daromadlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qildi.

2 daqiqa o‘qish20 046 ko‘rishlar0 izoh7

AQSH va Eron o‘rtasidagi urushga chek qo‘yishga qaratilgan muzokaralarning ikkinchi raundi yaqinlashar ekan, asosiy bahs mavzularidan biri Tehronning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan aktivlari bo‘lib qolmoqda. Maqolada ushbu mablag‘larning hajmi va taqdiri bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Muzokaralar markazidagi shart

Eron iqtisodi 1979-yildan buyon AQSH va boshqa davlatlar tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ostida yashab kelmoqda. Dastlab diplomatlarni garovga olish, keyinchalik yadro va ballistik raketa dasturlari sababli kuchaytirilgan ushbu cheklovlar Tehronni neft sotishdan tushgan daromadlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilgan.

10-aprel kuni, Pokistondagi muzokaralar oldidan Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf X ijtimoiy tarmog‘ida har qanday muloqot boshlanishidan avval ushbu aktivlar blokdan chiqarilishi shartligini bildirdi.

Islomoboddagi uchrashuvlarda Vashingtonning ayrim mablag‘larni “eritish”ga rozi bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, AQSH hukumati buni darhol inkor etdi. 22-apreldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi muddati tugashi arafasida ushbu taranglik yana yuzaga chiqishi kutilmoqda.

100 milliard dollardan ortiq mablag‘: ular qayerda?

Aniq miqdor rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ekspertlar Eronning xorijdagi muzlatilgan mablag‘larini 100 milliard dollardan ortiqqa baholamoqda. Bu Eronning uglevodorodlar savdosidan oladigan yillik daromadidan qariyb to‘rt baravar ko‘pdir.

Eron OAVga ko‘ra, ushbu pullar quyidagi davlatlarda saqlanmoqda:

  • Xitoyda kamida 20 mlrd dollar;
  • Hindistonda 7 mlrd dollar;
  • Iroqda qariyb 6 mlrd dollar;
  • Qatarda 6 mlrd dollar (Janubiy Koreyadan o‘tkazilgan, ammo AQSH tomonidan yana bloklangan);
  • AQSHda taxminan 2 mlrd dollar;
  • Lyuksemburgda 1,6 mlrd dollar;
  • Yaponiyada taxminan 1,5 mlrd dollar.

Hozirda Tehron ishonchni tiklash chorasi sifatida kamida 6 milliard dollar mablag‘ni zudlik bilan aktivlashtirishni talab qilmoqda.

Eron aktivlarining muzlatilishi 1979-yil noyabr oyida, Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jimmi Karter davrida boshlangan. O‘shanda Tehrondagi AQSH elchixonasiga hujum qilinib, 66 nafar amerikalik garovga olingan edi. 1981-yilgi Jazoir kelishuvidan so‘ng mablag‘larning bir qismi qaytarilgan.

2015-yilda Barak Obama davrida imzolangan Yadro kelishuvi natijasida Eron o‘z pullaridan foydalanish huquqini qayta qo‘lga kiritgan edi. Biroq 2018-yilda Donald Tramp bir tomonlama tartibda ushbu bitimdan chiqib, sanksiyalarni va muzlatish choralarini qaytadan joriy qildi.

2023-yilda mahbuslarni almashish doirasida Janubiy Koreyadagi 6 milliard dollar Qatarga o‘tkazilgan edi, ammo Jo Bayden ma’muriyati Eronning Isroilga dron va raketa hujumidan so‘ng, bu pullarni ham yana bloklab qo‘ydi.

Bu pullar Eron uchun qanchalik muhim?

Bugungi kunda Eron iqtisodi chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Inflyatsiyaning keskin o‘sishi va riyolning qadrsizlanishi 2025-yil dekabr va yanvar oylarida ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

Muzlatilgan 100 milliard dollar mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli to‘rtdan bir qismiga teng. Ushbu mablag‘larning aktivlashtirilishi Tehron uchun nafaqat iqtisodiy yordam, balki AQSH bosimining pasayishini anglatuvchi muhim diplomatik g‘alaba bo‘lishi mumkin.

Biroq tahlilchilar Tramp ma’muriyatining kutilmagan qarorlari va davom etayotgan urush sharoitida ushbu mablag‘larni to‘liq qaytarish amri mahol ekanini ta’kidlamoqda. AQSH Moliya vazirligi sobiq kotibi Jeykob Lyuning so‘zlariga ko‘ra, barcha sanksiyalar bekor qilinganda ham, pullarning yarmi avvalgi qarzlar va investitsion majburiyatlar uchun yechib olinishi mumkin.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar