Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Eronga qarshi urush tufayli AQSHning Kiyev uchun vaqti yo‘qligini aytdi. Bu haqda siyosatchi Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ular (Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar ishtirokchilari — Jared Kushner va Stiv Uitkoff) Eron bilan doimiy aloqada, Ukrainaga esa vaqtlari yo‘q”, dedi Zelenskiy boshlovchi bilan suhbatda.
Intervyu davomida Ukraina rahbari Erondagi urush Kiyev uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi sababini tushuntirdi:
“Agar bu urush cho‘zilib ketsa, Ukrainaga qurol kamroq yetkaziladi”, deya ta’kidladi Zelenskiy.
U Ukraina Qurolli kuchlarida havo hujumidan mudofaani ta’minlash uchun Patriot tizimlari yetishmayotganini qayd etdi.
“Hozir bizda shunday tanqislik (Patriot zenit-raketa tizimi nazarda tutilgan), bundan yomoni yo‘q”, dedi siyosatchi.
Bundan tashqari, u Ukraina Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga yordam berishga tayyorligini, biroq AQSH bu borada Kiyevga hali murojaat qilmaganini aytdi.
1-aprel kuni The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida AQSH prezidenti Donald Tramp Hormuzni blokadadan chiqarish operatsiyasida nafaqat NATO ittifoqchilari, balki Ukraina ham ishtirok etishi kerakligini bildirgandi.
“Ukraina bizning muammomiz emas edi. Bu sinov edi va biz ularga yordam berdik, har doim yordam bergan bo‘lardik. Ular esa bizga yordam bermadi”, deya o‘shanda g‘azablangan edi AQSH prezidenti.
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina AQSHdan ko‘ra ko‘proq Germaniyadan yordam olayotganini ma’lum qildi. U buning uchun mamlakatni va Germaniya kansleri Fridrix Mertsni maqtadi.
“Yevropadagi eng yirik strategik hamkor — bu aniq Germaniya”, dedi u.
Zelenskiy Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istagini yana bir bor ta’kidladi.
“Ukraina uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish muhimdir. Bu Yevropa Ittifoqining ham istagi bo‘lishi kerak. Armiyamiz va texnologiyalarimiz Yevropa Ittifoqini yanada kuchaytiradi”, dedi u.
Ammo Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish ehtimolini pastroq deb baholadi, sababi bunga AQSH qarshilik ko‘rsatishi mumkinligini aytdi.








