AQSH hukumati Eron bilan davom etayotgan urush sababli energiya resurslari narxi keskin oshib ketishini jilovlash maqsadida mamlakatlarga Rossiya neftini sotib olish uchun 30 kunlik imtiyoz berdi.
Ushbu qarorga ko‘ra, barcha davlatlarga hozirda dengizda bo‘lgan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotib olishga ruxsat berildi. Vashington bu qadam orqali Isroil va AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlari tufayli ko‘tarilib ketgan neft va gaz narxlarini tushirishga umid qilmoqda.
Biroq 13-mart holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi yana 101 dollarga ko‘tarildi, bu esa kutilgan chora hozircha samara bermayotganidan dalolat beradi.
Bundan oldin Vashington shu kabi imtiyozni Hindistonga ham taqdim etgan edi. Ammo bu yangi yuklanadigan partiyalarga taalluqli bo‘lmay, faqatgina yo‘lda qolgan yuklar uchun edi.
To‘qnashuv boshlanganiga uch hafta to‘lar ekan, juma kuni Eron Isroil tomonga navbatdagi raketa va dronlar seriyasini uchirdi. Isroil harbiylari bunga javoban Tehron bo‘ylab zarbalar berilganini, shuningdek, Livan poytaxti Bayrut va mamlakatning boshqa hududlaridagi “Hizbulloh” guruhiga qarshi operatsiyalar davom etayotganini ma’lum qildi.
Eron ommaviy axborot vositalari Tehron va Karaj shaharlarida portlash ovozlari eshitilgani, mamlakat bo‘ylab Quds kuni munosabati bilan Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar boshlanganini xabar qilmoqda.
Neft bozoridagi beqarorlik
Global energiya ta’minotidagi uzilishlar tufayli 12-mart kuni neft narxi qariyb 9 foizga oshib, barreliga 100 dollarga yetdi. Bu urush boshlanganidan beri qariyb 40 foizlik o‘sish demakdir. AQSHda chakana benzin narxi 2024-yil mayidan beri ilk bor galloniga 3,60 dollarga, dizel esa 4,89 dollarga ko‘tarildi.
Xalqaro energetika agentligi (IEA) ushbu urushni tarixdagi eng yirik neft inqirozi deb atadi. Narxlarning ko‘tarilishiga Eronning jahon neftining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga hujum qilishi va to‘sib qo‘yishi sabab bo‘lmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp neft narxi oshishidan Amerika foyda ko‘rishini ta’kidlamoqda:
“Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi, shuning uchun narxlar ko‘tarilganda biz ko‘p pul ishlab olamiz”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Tramp, shuningdek, Eronning taslim bo‘lish arafasida ekanini va AQSH terrorchi rejimni butunlay yo‘q qilayotganini iddao qildi. U 47-prezident sifatida bu harakatlarni amalga oshirish katta sharaf ekanini bildirdi.
Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy o‘zining ilk bayonotida Hormuz bo‘g‘ozini yopiq holda saqlashga va’da berdi. U qo‘shni davlatlarni o‘z hududlaridagi AQSH bazalarini yopishga chaqirib, aks holda hujumlar davom etishidan ogohlantirdi.
28-fevralda boshlangan ushbu urush hozirgacha 2000 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi va butun Yaqin Sharqni tartibsizlikka g‘arq qildi.








