Turkiyaning Shonliurfa provinsiyasida noma’lum shaxs maktabga qurolli hujum uyushtirdi. Bu haqda Hurriyet xabar berdi.
Hujum oqibatida 16 kishi jarohatlangani aytilmoqda. Hodisa Ahmet Koyunju nomidagi Anadolu kasb-hunar o‘rta maktabida yuz bergan. Maktabdagi o‘quvchilarning aksariyati evakuatsiya qilingan. Hududga tibbiyot, politsiya va boshqa maxsus bo‘linmalar yuborilgan.
Guvohning soʻzlariga koʻra, hujum qilgan shaxs 17-18 yoshli o‘smir bo‘lgan. U o‘rta maktab hududiga uzun stvolli qurol bilan kirgan.
“Avval u maktab hovlisida tartibsiz o‘t ochgan, keyin esa to‘g‘ridan to‘g‘ri maktabga hujum uyushtirgan”, dedi manba.
Rasmiylar nima demoqda?
Shonliurfa hokimi Hasan Shildakning aytishicha, hujum qilgan shaxs 2007-yilda tug‘ilgan bola boʻlib, politsiya tomonidan qurshab olingach, o‘z joniga qasd qilgan.
U maktabning sobiq o‘quvchisi bo‘lib, faqat to‘qqizinchi sinfgacha ta’lim olgan, keyinchalik sirtqi ta’limga o‘tgan. Bosh prokuratura zarur sud jarayonlarini boshlab yuborgan.
“Yaradorlarning ahvolini diqqat bilan kuzatib boryapmiz va barchasiga Allohdan shifo tilab qolamiz”, dedi Hasan Shildak.








