Daryo

Oʻzbekistonda har beshta uydan bittasi kreditga sotib olinadi — tadqiqot

Bir yil ichida olingan ipoteka kreditlari miqdori 29 foizga oshdi. Aholi xonadon xaridi uchun qarzga tobora koʻp murojaat qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish4 298 ko‘rishlar0 izoh1

Oʻzbekistonda 2024-yilda 21,3 foiz, 2025-yilda 22 foiz uylar kreditga sotib olingan. Markaziy bank tahliliga koʻra, aholida banklarda qarz olish darajasi keskin ortib bormoqda. 

Mamlakatda 2025-yilda jami 319,5 mingta uy oldi-sotdi qilindi (2024-yildagidan 15,8 foizga koʻp). Shundan 70,3 mingtasi kreditga sotib olingan. 

Yil davomida aholiga qariyb 21,2 trillion soʻm ipoteka kreditlari berilgan. Mazkur miqdor bir yil avvalgiga nisbatan 29 foizga oshgan. 

Foto: Markaziy bank

Oʻtgan yili xonadonlar sotuvi soni Buxoro (25,6 foiz), Sirdaryo (23,1 foiz), Samarqand (19,2 foiz), Jizzax (17 foiz) va Xorazm (16,4 foiz) viloyatlarida yuqori darajada oʻsgan. Eng koʻp uylar savdo qilinadigan Toshkent shahri, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida esa oʻrtacha oʻsish 15,5 foizni tashkil etgan.

2025-yil IV choragida mamlakatda birlamchi uy-joylar 5,7 foizga, ikkilamchi xonadonlar 7,9 foizga qimmatlashgan. Ijara narxlari 8,3 foizga koʻtarilgan.

Oʻtgan yilning dekabr oyida Toshkent shahridagi bir sotix yer maydoni oʻrtacha 319 million soʻmdan sotilgan. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 9,4 foizga past.

Joriy yil 1-mart holatiga koʻra, aholi banklardan ipoteka krediti boʻyicha 81,2 trillion soʻm qarzdor.

Avvalroq Markaziy bank oʻtkazgan soʻrov qatnashchilarining 54 foizi kelasi bir yil ichida kredit olishga ehtiyoji borligini bildirgan. Ayniqsa, 7-10 million soʻm daromadlilar guruhida qarzga boʻlgan talab eng yuqori ekani aniqlangan. Soʻrov ishtirokchilari olgan kreditining asosiy qismini uy-joy taʼmiri, taʼlim va avtomobil xaridi uchun sarflamoqchi ekanini qayd etgan. Mazkur soʻrov davomida aholi uchun oylik ish haqi asosiy daromad manbai boʻlib qolayotgani ham maʼlum boʻlgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar