Oʻzbekistonda pul jamgʻarmaydigan aholi ulushi koʻpaydi. Bu Markaziy bankning 2025-yil IV choragi boʻyicha oʻtkazgan soʻrovida aniqlandi.
Soʻrovda bir necha koʻrsatkichlar qatorida aholining qarz olish va pul jamgʻarishga boʻlgan moyilligi oʻrganilgan. Ishtirokchilarning qariyb 40,4 foizi jamgʻarmasi yoʻqligini maʼlum qilgan. 2025-yil III choragida bu koʻrsatkich 38 foizni tashkil etgandi. Yaʼni pul jamgʻarmayotganlar ulushi uch oyda 2,4 foizga koʻpaygan.
Qatnashchilardan 34,1 foizi bir oygacha boʻlgan qisqa muddatli jamgʻarmaga egaligini bildirgan. Aniqlanishicha, 3-6 oygacha yetarli jamgʻarmasi borlar ulushi biroz koʻpaygan. Yana 1-3 oy oraligʻida va 6 oydan ortiq muddatga yetarli jamgʻarmasi borlar ulushi oʻtgan chorakka nisbatan kamaygan.
Soʻrov ishtirokchilaridan 62,6 foizi kelajakda toʻplayotgan pullari koʻpayishiga ishonch bildirgan. Yana 24,2 foiz qatnashchi jamgʻarmalari miqdori oʻzgarishsiz qolishi mumkinligini qayd etgan. Qolgan 13,2 foiz respondent jamgʻarmalari kamayishini kutayotganini taʼkidlagan.
Markaziy bank aholidan qarz olishga moyillik boʻyicha ham javoblar olgan. Soʻrov qatnashchilarining yarmidan koʻp qismi (54 foiz) kelasi 12 oy ichida bankdan kredit olishga ehtiyoji borligini bildirgan. Bu avvalgi chorakka nisbatan biroz yuqori koʻrsatkich ekani ochiqlangan.
“Kreditga boʻlgan eng yuqori talab 7-10 million soʻm daromadlilar guruhida kutilmoqda. Aksincha, daromadi 20 million soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar orasida kredit olish talabida biroz pasayish tendensiyasi namoyon boʻlmoqda”, deyiladi tahlilda.
Qatnashchilar bankdan olgan qarzlarining asosiy qismini uy-joy taʼmiri, taʼlim va avtomobil xaridi uchun sarflamoqchi ekanini bildirgan.
Avvalroq Markaziy bank aholi uchun oylik ish haqi asosiy daromad manbai boʻlib qolayotganini maʼlum qilgandi. Shu bilan birga, aholi daromadlarining eng koʻp qismini uy taʼmirlashga sarflayotgani aniqlangan.








