Daryo

Isroil razvedkasiga yangi rahbar tayinlanadi

Amaldagi Mossad rahbarining vakolati iyun oyida tugaydi. Netanyaxuning harbiy kotibi uning oʻrnini egallaydi. Ammo ayrimlar Roman Gofmanda yetarli koʻnikmalar yoʻqligidan xavotirda.

2 daqiqa o‘qish3 980 ko‘rishlar0 izoh2

Isroil hukumati Roman Gofmanning Mossad razvedka agentligining yangi rahbari etib tayinlanishini ma’qulladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 2025-yil dekabr oyida Gofman nomzodini ko‘rsatmoqchi ekanini aytgandi. 12-aprel kuni Yuqori lavozimlarga tayinlash bo‘yicha maslahat qo‘mitasi buni tasdiqladi. Gofman 2026-yil iyun oyida agentlikning amaldagi direktori David Barnea o‘rnini egallab, yangi lavozimda ish boshlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 49 yoshli Gofman tajribali harbiy general bo‘lib, u 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS hujumi paytida Isroil jamoalarini qutqarish uchun janubiy chegaraga yetib borgan. Yangi direktor hozirda bosh vazirning harbiy kotibi hisoblanadi.

Gofman 17 yoshli bolani razvedkaga jalb qilib, tanqidlarga uchragandi

Gofman 2022-yil Golan tepaliklaridagi Isroil mudofaa kuchlarining “Bashan” 210-hududiy diviziyasiga qo‘mondonlik qilgan. Bu davrda u 17 yoshli Ori Elmakayesdan Eron, “Hizbulloh” va HAMASga qarshi arab tilidagi targ‘ibot kampaniyasida foydalangan. Bu holat o‘smirning maxfiy ma’lumotlarni e’lon qilganlikda ayblanib, xavfsizlik idoralari tomonidan uzoq vaqt hibsda ushlab turilishiga sabab bo‘lgan.

Gofman o‘smirning necha yoshda ekanini bilmaganini da’vo qilgan. Shuningdek, yigitga ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish uchun berilgan maʼlumotlar maxfiy bo‘lmaganini aytgan. Elmakayes 18 oy davomida hibsda saqlangan. Keyinchalik uning internetda e’lon qilgan maxfiy ma’lumotlari aslida Isroil razvedkasi tomonidan berilgani ma’lum bo‘lgan. Shundan soʻng yigit oqlangan.

Foto: Ori Elmakayes / Facebook

Elmakayes Gofmanning tayinloviga quyidagicha munosabat bildirdi:

Roman Gofman meni noqonuniy ravishda ishga jalb qildi, shundan so‘ng darhol mendan voz kechdi, meni tashlab ketdi...17 yoshli bolani tashlab ketgan odam Mossad agentlarini ham tashlab ketadi. Gofmanning tayinlanishi Mossad va Isroil davlati xavfsizligi uchun haqiqiy xavfdir, deb yozdi u.

Mossadning amaldagi rahbari Devid Barneaning besh yillik vakolati iyun oyida tugaydi. Yangi nomzod sobiq va amaldagi xavfsizlik amaldorlarining tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Ular Gofmanda xavfsizlik idorasiga rahbarlik qilish uchun talab etiladigan tezkorlik va razvedka sohasidagi tajriba yetishmasligini aytgan.

U qariyb ikki yil davomida Netanyaxuning harbiy kotibi bo‘lib ishlagani uchun unga yaqin shaxs hisoblanadi. Shu davrda Gofman bosh vazir nomidan turli topshiriqlar bilan safarlarda bo‘lgan va Netanyaxuning razvedka ko‘rsatmalari bajarilishini nazorat qilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar