Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham Madridning “Real” klubi ustoziga aylanishi mumkin. Bu haqda RMC Sport nashri xabar bermoqda.
Madridliklar rahbariyati murabbiyni almashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Sababi Xabi Alonsoning o‘rnini egallagan Alvaro Arbeloa o‘zidan kutilgan natijani bera olmadi. Klub joriy mavsumni sovrinsiz yakunlash arafasida turibdi. Shu sababli, 14 yillik faoliyatdan so‘ng shu yozda “uchranglilar” bilan xayrlashadigan Desham “qirollik klubi” uchun eng maqbul variant sifatida ko‘rilmoqda.
Deshamning qat’iy xarakteri va jamoa yulduzlarini jilovlay olishi Madrid klubi mutasaddilariga ma’qul tushgan. Bundan tashqari, uning Mbappe va Tchuameni bilan terma jamoadagi ko‘p yillik tajribasi ham tanlovga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Deshamning o‘zi ham yangi chorlovlarga tayyor, ayni damda unga Yevropa va Saudiya Arabistoni klublaridan bir qator takliflar borligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, 57 yoshli murabbiy 2012-yildan beri Fransiya terma jamoasini boshqarib keladi. U jamoa bilan 2018-yilgi Jahon chempionligi va 2021-yilgi Millatlar Ligasi oltin medallarini qo‘lga kiritgan. Didye Desham futbol tarixida ham futbolchi, ham murabbiy sifatida jahon tojiga ega chiqqan kamsonli mutaxassislardan biri hisoblanadi.








