AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralarga xalaqit bermaslik uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxudan Livanga hujumlarni kamaytirishni so‘radi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Davlat yetakchilari 9-aprel kuni telefon orqali suhbatlashgan. Isroil 8-aprel kuni Livanga yuzdan ortiq aviazarbalar bergan, oqibatda 250 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
“Men Bibi bilan gaplashdim, u buni (bombardimonlarni) bosiqlik bilan amalga oshiradi. Nazarimda, biz biroz vazminroq bo‘lishimiz kerak”, dedi Tramp.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens esa 9-aprel kuni Isroil Livanga qarshi hujumlardan “o‘zini tiyishga” rozi bo‘lganini aytdi. Isroil Bayrutga qilingan hujumlarda halok bo‘lganlarning aksariyati “Hizbulloh” a’zolari ekanini da’vo qilmoqda. Livan hukumati esa tinch aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Agar Isroilning Bayrutga hujumlari davom etsa, Eron AQSH bilan muzokaralar olib bormasligini e’lon qilgan. Tramp esa Tehron bilan uzoq muddatli kelishuvga erishish imkoniyatlarini optimistik baholamoqda.
“Agar ular kelishuvga erishmasa, bu juda og‘riqli bo‘ladi”, dedi AQSH rahbari.
AQSH Eron bilan o‘t ochishni ikki haftaga to‘xtatish sulhi Livanga taalluqli emasligini bildirgan. Eron esa Pokiston vositachiligida erishilgan kelishuv Livanga qarshi hujumlarni to‘xtatishni ham o‘z ichiga olganini aytgan. Biroq Netanyaxu “Hizbulloh” guruhiga qarshi hujumlar davom etishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Isroil Livan bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligini bildirgan.








