MLS vakili hisoblangan “Sinsinnati” klubi braziliyalik hujumchi Neymar bilan transfer bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Hozircha muzokaralar boshlang‘ich bosqichda. Klub rahbariyati 34 yoshli futbolchining talablari va bu transferning iqtisodiy jihatdan qanchalik foydali bo‘lishini o‘rganmoqda. “Sinsinnati” o‘z infratuzilmasi va moliyaviy imkoniyatlari orqali braziliyalik yulduzni jamoaga taklif qila olishiga ishonmoqda.
Neymarning MLS’ga o‘tishidagi eng katta muammo — ligadagi maxsus statusli o‘yinchilar (maoshi belgilangan chegaradan yuqori bo‘lgan futbolchilar) uchun qo‘yilgan limitdir. Ayni damda klubda bu kabi uchta joy ham band (Kevin Denke, Maylz Robinson va Evander). Neymarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun klub ushbu futbolchilardan birining shartnomasini qayta ko‘rib chiqishi yoki uni sotib yuborishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Neymarning hozirgi klubi — “Santos” bilan shartnomasi 2026-yilning oxirigacha amal qiladi. Joriy yil boshidan buyon hujumchi braziliyaliklar safida 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol muallifiga aylangan.








