Daryo

Janubiy Koreya Hormuz bo‘g‘oziga alternativ topdi

Seul rasmiylari mamlakat iqtisodiyotini urush holatiga o‘tkazib, neft importi uchun Hormuzdan tashqari qo‘shimcha marshrutni yo‘lga qo‘ymoqda. Janubiy Koreya yonilg‘i importining 70 foizi Yaqin Sharqqa to‘g‘ri keladi.

1 daqiqa o‘qish4 888 ko‘rishlar0 izoh2

Janubiy Koreya neft yetkazib berishning alternativ yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilidagi Yanbu portiga o‘z bayrog‘i ostidagi beshta kemani yuboradi. Bu haqda 6-aprel kuni hukmron partiya deputati ma’lum qildi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida neft narxi keskin ko‘tarilib ketdi. Bu holat importining qariyb 70 foizi bo‘yicha Yaqin Sharq xomashyosiga bog‘lanib qolgan Janubiy Koreya iqtisodiyoti uchun jiddiy inflyatsiya xavfini tug‘dirmoqda.

Eron AQSH va Isroil zarbalariga javoban global xom neft va gaz tashish uchun o‘ta muhim yo‘nalish hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi. Vaziyatning keskinlashuvi Seulni favqulodda choralar ko‘rishga undadi. Xususan, mamlakatda 1997 yildan buyon ilk bor yonilg‘i narxining yuqori chegarasini belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Energetika vazirligi va tegishli idoralar bilan o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng deputat An Do Geol jurnalistlarga quyidagilarni ma’lum qildi:

“Hormuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tuvchi eksport yo‘nalishlari orqali xom neft yetkazib berishni ta’minlash uchun Janubiy Koreya bayrog‘i ostidagi kemalarni muqobil yo‘llarga safarbar etishimiz lozim. Hozirda beshta kemani Saudiya Arabistonining Yanbu portiga yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz”.

Bundan tashqari, qo‘shimcha neft zaxiralarini ta’minlash maqsadida Saudiya Arabistoni, Ummon va Jazoirga maxsus vakillar yuborilishi ma’lum qilindi.

Iqtisodiyot urush holatida

Boshqa Osiyo davlatlari kabi Janubiy Koreya ham energiya importiga, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan yuklarga tayanadi. Bo‘g‘ozning yopilishi global iqtisodiyotni larzaga keltirib, narxlarni osmon-u falakka chiqardi.

Hukumat iqtisodiy zarbani yumshatish uchun 17,2 milliard dollarlik qo‘shimcha byudjet ajratishni taklif qildi. Prezident Li Je Myong mamlakat iqtisodiyoti amalda urush holatida ekanini aytdi.

Energetika vazirligi aholini energiyani tejashga chorlovchi yangi ko‘rsatmalarni e’lon qildi. Tavsiyalar orasida:

  • dush qabul qilish vaqtini qisqartirish;
  • mobil telefonlarni faqat kunduzi quvvatlantirish kabi choralar bor.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar