AQSH, Eron va vositachi davlatlarning vakillari o‘t ochishni 45 kunga to‘xtatishni muhokama qilmoqda. Bu haqda to‘rtta manbaga tayanib Axios xabar berdi.
Manbalarda yaqin 48 soat ichida kelishuvga erishish ehtimolini past baholanmoqda. Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp sulhga erishilmasa 48 soat ichida Eronga “do‘zax olovini yog‘dirish”ga va’da bergandi.
Vaqtinchalik sulh esa urush kengayib ketishining oldini olishda “so‘nggi imkoniyat” sifatida ko‘rilmoqda. Aks holda, Eronning fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinishi, bunga javoban Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika hamda suv obyektlariga hujum qilinishi mumkin.
Tramp Eronga bergan 10 kunlik muddati 6-aprel oqshomida tugashi kerak. Ammo AQSH prezidenti o‘z muddatini 20 soatga uzaytirdi va yangi vaqtni 7-aprel soat 20:00 etib belgiladi (Toshkent vaqti bilan 8-aprel soat 05:00). Tramp Eron bilan “chuqur muzokaralar olib borilayotgani” va 7-aprel kuni kelishuvga erishish mumkinligini aytdi.
“Yaxshi imkoniyat bor, lekin ular kelishuvga erishmasa, u yerdagi hamma narsani portlatib yuboraman”, dedi u.
Tramp Eron bilan kelishuvga erishilmasa, fuqarolar uchun muhim bo‘lgan infratuzilma yo‘q qilinishini aytgan. Bunday hujumlar harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin.
AQSH va Isroilning Eron energetika obyektlariga keng ko‘lamli zarbalar berish rejasi allaqachon tayyor. Hozirda urushni to‘xtatish bo‘yicha Pokiston, Misr va Turkiya vositachiligidan muzokara olib borilmoqda. Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasida matnli xabarlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
AQSH rasmiylaridan biriga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Tramp ma’muriyati Eronga bir nechta takliflar bergan, biroq hozircha Tehron ularni qabul qilmagan. Vositachilar mojaro ishtirokchilari bilan ikki bosqichli kelishuv shartlarini muhokama qilmoqda. Birinchi bosqich 45 kunga o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga oladi. Bu vaqt ichida urushni butunlay to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.
“Agar muzokaralar uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi uzaytirilishi mumkin”, dedi manbalardan biri.
Ikkinchi bosqich esa urushni tugatish bo‘yicha kelishuv bo‘ladi. Vositachilarning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish va Eron bilan yadroviy kelishuvga erishish yakuniy natija bo‘lishi mumkin. Eron AQSH va Isroil urushni qayta boshlamasligi uchun qat’iy kafolatlar talab qilmoqda.








