Eron AQSH, Isroil va ularning ittifoqchilariga tegishli kemalar uchun Hormuz bo‘g‘ozini yillar davomida blokadada ushlab turishi mumkin. Bu haqda eronlik anonim rasmiy Press TV telekanaliga ma’lum qildi.
Hozirda Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanish faqat ayrim kemalarga ruxsat etilgan.
“Eron bunday vaziyatni yillar davomida saqlab qolish imkoniyatiga ega”, deyiladi xabarda.
Bu qaror AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va garnizonlarini ta’minlash uchun zarur uskunalarning katta qismi aynan shu dengiz yo‘li orqali tashilgani bilan bog‘liq.
Eronlik amaldorning fikricha, agar bo‘g‘ozdagi harakat avvalroq tartibga solinganida, dushmanning mintaqadagi logistika imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangan bo‘lardi.
Shuningdek, Eron mamlakatlarni Hormuz bo‘g‘oziga kirish imkoniyatiga qarab uch toifaga — dushman, neytral va do‘st davlatlarga ajratishi mumkin. Neytral davlatlar esa to‘lov to‘lashi kerak bo‘ladi.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft va suyultirilgan gaz yetkazib berishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Eron AQSH va Isroilning hujumlari boshlanganidan keyin bo‘g‘ozni deyarli barcha kemalar uchun yopdi. Shu sababli dunyo boʻylab yoqilg‘i narxlari oshmoqda.
Hozirda Hormuz orqali faqat Eronga do‘st boʻlgan davlatlarga tegishli kemalar harakatlanmoqda. Bunday davlatlar qatoriga Rossiya, Xitoy, Hindiston, Iroq va Pokiston kiradi. AQSH prezidenti Donald Tramp ayrim Yevropa va Osiyo davlatlarini bo‘g‘ozni ochish uchun mintaqaga kemalar yuborishga chaqirgan, biroq ko‘pchilik bu taklifni rad etgan.








