Eron oliy rahnamosi Mojtoba Xomanaiyning maslahatchisi Kamol Xarroziy aviahujumlar oqibatida og‘ir yaralandi. Bu haqda Al Hadath telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehronga uyushtirilgan hujumlardan birida Xarroziy “nishonga olingan va yaralangan”. Uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Hozircha Eron rasmiylari bu borada rasmiy izoh bermagan.
AQSH va Isroilning 28-fevral kuni Eronga qarshi boshlagan hujumlari oqibatida oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgandi. U bilan birga uning kelini, nabirasi va qizi ham oʻlgan.
Shundan so‘ng Mojtaba Xomanaiy otasining o‘rnini egallab, Eronning yangi oliy rahnamosiga aylangan. Biroq u ham havo hujumlarida jarohat olgani va Rossiya harbiy samolyotida Moskvaga olib ketilgani maʻlum qilingan.
“U Rossiyaga yetib borgach jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Hozirda Eron oliy rahnamosi prezident Vladimir Putinning qarorgohlaridan biridagi xususiy kasalxonada davolanmoqda”, degan Xomanaiyga yaqin yuqori martabali manba Kuvaytning Al Jarida gazetasiga.
Mojtaba uchun qattiq tibbiy nazorat va maxsus kuzatuv talab etilgan. Isroil uni oʻldirishni rejalashtirgani sababli Mojtabani yetarli tibbiy sharoit bilan ta’minlash qiyin bo‘lgan. Eron xavfsizlik idoralari uning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumotlar uni davolayotgan shifokorlar va mutaxassislarni kuzatish orqali oshkor bo‘lishidan xavotirlangan. Shu sababli Mojtaba Xomanaiyni Rossiyada davolashga kelishilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiy uning sogʻligʻi haqida maʻlumot berdi.
Oliy rahnamo omma oldida ko‘rinish bergunicha “ma’lum vaqt” o‘tishi mumkin. Uning salomatligiga kelsak, bu haqda gap-so‘zlar ko‘p, biroq ishontirib aytamanki, uning sog‘lig‘i joyida. Nazarimda, urush sharoitida uning omma oldida paydo bo‘lishi uchun ma’lum vaqt talab etilishi ajablanarli hol emas, dedi u.








