AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin ikki-uch hafta ichida Eronga “o‘ta qattiq” zarbalar berilishini aytdi. U bu haqda 1-aprel kuni xalqqa qilgan murojaatida ma’lum qildi.
Trampning soʻzlariga koʻra, qaqshatqich zarbalar Eronni tosh asriga qaytaradi.
“Biz yaqin ikki-uch hafta ichida ularga oʻta qattiq zarba bermoqchimiz. Ularni oʻzlari tegishli bo‘lgan tosh davriga qaytarmoqchimiz”, dedi AQSH rahbari.
U urush bo‘yicha xalqqa qilgan 20 daqiqalik murojaatida tanish nutqlarini takrorladi. Xususan, amerikaliklarga urush “tugashiga oz qolganini” aytdi va AQSH harbiy javobni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.
Tramp so‘nggi haftalarda erishilgan harbiy yutuqlarga toʻxtalib, bombardimonlarni “kamdan-kam uchraydigan g‘alabalar” deb atadi. Shuningdek, urushni amerikaliklar kelajagi uchun “investitsiya” deb ta’riflab, sabrli boʻlishga chaqirdi.
“Ushbu asosiy strategik maqsadlarimiz yakunlanish arafasida ekanini mamnuniyat bilan aytmoqchiman”, dedi Tramp.
Avvalroq AQSH prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda urush “ikki-uch hafta ichida” tugashini maʻlum qilgandi. U Hormuz boʻgʻozi AQSHning muammosi emasligini aytib, Eron bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda ham mojaro yakunlanishini taʻkidlagandi.








