Buyuk Britaniya 2-aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish yo‘llarini muhokama qilish maqsadida 35 ta davlat ishtirokida muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper raisligida Londonda (mahalliy vaqt bilan tushga yaqin) o‘tadigan virtual uchrashuvda Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada va Birlashgan Arab Amirliklari kabi jami 35 ga yaqin davlat vakillari qatnashadi. Yig‘ilishda AQSH ishtirok etishi kutilmayapti.
Uchrashuv AQSH prezidenti Donald Trampning 1-aprel oqshomidagi bayonotidan so‘ng tashkil etilmoqda. Tramp o‘z murojaatida bo‘g‘oz tabiiy ravishda ochilishi mumkinligini va suv yo‘lidan foydalanadigan davlatlarning o‘zi uning ochiqligini ta’minlashga mas’ul ekanini ta’kidlagan edi.
Eron fevral oyi oxirida boshlangan AQSH va Isroil zarbalariga javoban, jahon neft iste’molining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ygan. Energiya narxlari keskin ko‘tarilishi ortidan ushbu suv yo‘lini qayta ochish dunyo hukumatlari uchun ustuvor vazifaga aylandi.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning 1-aprel kuni bergan bayonotida, uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilgandan so‘ng, hududda navigatsiya erkinligini tiklash uchun barcha hayotiy diplomatik va siyosiy choralar baholanishini ma’lum qildi.
Dastlab Yevropa davlatlari mojaroga aralashib qolishdan qo‘rqib, Trampning hududga harbiy kemalar yuborish haqidagi talabini rad etgan edi. Biroq energiya narxi oshishining global iqtisodiyotga ta’siri ularni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi imzolangach, bo‘g‘ozni ochish choralarini ko‘ruvchi koalitsiya tuzishga undadi.
Payshanba kungi muzokaralar guruhning ilk rasmiy uchrashuvi bo‘lib, kelgusi haftalarda harbiy strateglar ishtirokida batafsilroq muhokamalar davom ettiriladi. Yevropa rasmiylaridan birining so‘zlariga ko‘ra, rejaning birinchi bosqichi suv yo‘lini minalardan tozalash, ikkinchi bosqichi esa tankerlar harakatini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.
Kir Starmer bo‘g‘ozni ochish oson bo‘lmasligi va bu harbiy kuch va diplomatik faoliyatning birlashgan frontini, shuningdek, yuk tashish sanoati bilan hamkorlikni talab qilishini aytdi.
Donald Tramp esa chorshanba kuni Hormuz bo‘g‘ozidan foydalanuvchi davlatlarni jasorat ko‘rsatishga va bo‘g‘ozni shunchaki qo‘lga olishga chaqirdi.
“Shunchaki uni egallab oling, himoya qiling va o‘zingiz uchun foydalaning”, dedi AQSH prezidenti.








