Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat uchun xavfsizlik kafolatlari unga yadroviy qurolni topshirishni o‘z ichiga olishi kerakligini aytdi.
“Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari qanday bo‘lishi kerak? NATOmi yoki yadroviy qurolmi? Unda bizga shunday deyishlari lozim: “Biz sizga NATO a’zoligini beramiz va yadroviy qurolni topshiramiz”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Strana.ua”.
Zelenskiy buni hamma unga yadroviy davlatni yengib bo‘lmasligini aytayotgani bilan izohladi.
Mart oyi boshida Rossiya Tashqi razvedka xizmati Parij va London Kiyevga atom bombasi yoki hech bo‘lmaganda “kimyoviy” bomba topshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Variant sifatida suvosti kemalarining M51.1 ballistik raketasiga mo‘ljallangan Fransiyaning kichik o‘lchamli TN75 jangovar kallagi ko‘rib chiqilgan.
Kreml vakili Dmitriy Peskov ta’kidlaganidek, bu ma’lumotlar mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarda hisobga olinadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukrainada ommaviy qirg‘in qurollarining paydo bo‘lishi ulardan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya parlamenti a’zolari Vashingtonga tashrif chog‘ida AQSHdagi hamkasblari bilan yadro qurolini tarqatmaslik masalasini muhokama qilgan.
Avvalroq Zelenskiy AQSH tinchlik kelishuvi doirasida va’da qilingan xavfsizlik kafolatlarini Ukraina Rossiyaga katta hududlarni berishga rozi bo‘lsagina taqdim etmoqchiligi haqida ma’lum qilgandi.








